Bugungi kunda fuqarolarning qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan yerlardan hech qanday hujjatlarsiz, noqonuniy tartibda uy-joy va turli imoratlarni qurib olishi sohadagi eng ogʼriqli masalalardan biri boʼlib qolmoqda.
Bu bilan fuqaro oʼz oilasi iqtisodiyotiga ham, oʼzgalar manfaatiga ham jiddiy zarar yetkazadi. U belgilangan tartibda qonuniy javobgarlikka tortilishidan tashqari, yillar davomida mablagʼ sarflab, peshona teri evaziga qurgan imorati shunchaki buzib tashlanadi. Noqonuniy qurilma boʼlgani uchun kompensatsiya puli ham ololmaydi. Qolaversa, davlatga, tadbirkorlik subʼektlariga yetkazilgan zararni qoplab berishiga toʼgʼri keladi.
Nishon tumani Shirinobod qishlogʼida yashovchi bir necha fuqarolar ham hududda faoliyat yuritayotgan “Indarama agro” xorijiy korxonasiga berilgan yer maydoniga oʼzboshimchalik bilan imorat qurib olganligi aniqlandi.
Korxona murojaatiga asosan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi mutaxassislari tomonidan bu borada tekshiruv oʼtkazilganda, haqiqatan ham fuqarolar hech qanday hujjatsiz xorijiy korxona yerlariga imorat qurishgani maʼlum boʼldi.
Jumladan, shu hududda yashovchi fuqarolar S. H. 0,5 gektar, Sh. P. tomonidan 0,2 gektar, F. R., А T., F. N.lar tomonidan 0,25 gektardan yer maydoni oʼzboshimchalik bilan oʼzlashtirib olinib, bu yerda noqonuniy qurilishlar amalga oshirilgan.
Аyni paytda huquqbuzarlarga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy hal etilishi uchun tuman prokuraturasiga yuborildi.
Аsqarali BEKKАMOV, "Oʼzagroinspektsiya"ning Nishon tuman boʼlimi katta inspektori