Samarqand viloyatida ham "Yashil makon" umummilliy harakati doirasidagi tadbirlar davomida 6 mln tonadan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish mo‘ljallanmoqda. Ayni kunlarda deyarli barcha shahar va tumanlarda ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish tadbirlari uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda. Mazkur hayrli tadbirda “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari xodimlari ham faol ishtirok etishmoqda.
Xususan, Payariq tumanida o‘tkazilgan ko‘kalamzorlashtirish xasharida inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va inspeksiyaning Payariq hamda Ishtixon tumanlari bo‘limlari xodimlari ishtirok etishib, avtomobil yo‘li chetlariga 450 dona tut ko‘chatlari ekilib, tutzor barpo etildi."Yashil makon" umummilliy harakati doirasidagi tadbirlar davomida inspeksiyaning tuman bo‘limi xodimlari tomonidan A.Navoiy agrofirmasi hududidagi “Sam multi fruits garden” fermer xo‘jaligi dala maydonida 200 dan ortiq mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazildi.
Asosiy eʼtibor, sug‘orish inshootlari himoya hududlarini ko‘kalamzorlashtirishga qaratilmoqda. Tadbir davomida ekilayotgan ko‘chatlar parvarishi uchun masʼullar belgilanib, parvarishlash ishlari doimiy ravishda nazoratga olinmoqda. O‘tkazilgan tadbirlar davomida tajribali mutaxassislar va bog‘bonlar ko‘chat ekish va parvarishlash bo‘yicha o‘zlarining tavsiyalarini ham berishmoqda,-deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Urgut tuman bo‘limi boshlig‘i Azamat Xoliqov.
Xuddi shuningdek, Agroinspeksiyaning Navoiy viloyati Navbahor tumani 2-sektor hududi "Dul dul" mahallasida ham Inspeksiya tuman bo‘limi tomonidan loyiha doirasida mevali va tut daraxtlari ekildi. Yurtimizni ko‘kalamzorlashtirish, obodligi yo‘lida olib borilayotgan mazkur tadbirga Inspeksiya tuman bo‘limi xodimlari ko‘tarinki kayfiyatda ishtirok etishdi. Ular tomonidan belgilangan hududga 80 tup mevali va 120 tup tut ko‘chatlari o‘tqazildi. Darhaqiqat, hozirda iqlim o‘zgarishi barchani birdek tashvishga solmoqda. Amalga oshirilayotgan bu kabi ezgu ishlar ona tabiatni asrashga undashi bilan ahamiyatlidir. Shu sababdan, yurtimizdagi barcha insonlar, keksa-yu yosh, faol va masʼuliyatli fuqarolar ushbu umummilliy loyiha atrofida birlashib, ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar atrofi va hovlisiga daraxt ko‘chatlari ekishmoqda. Bu ishlarni bardavom bo‘lishi, insoniyatga foyda keltiradigan darajada makonimizni yashillikka burkashga olib keladi.
Suratlarda Inspeksiyaning Samarqand va Navoiy viloyat boshqarmasi, tuman bo‘limi xodimlari
“O‘zagroinspeksiya” Axborot xizmati