“O‘zagroinspeksiya” tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suvdan maqsadli va tejamli foydalanish, suv isrof bo‘lishini erta oldini olish, qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tadbirkorlik subyektlarida profilaktika va amaliy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Xususan, suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish sohasidagi inspektorlar tomonidan shu yilning o‘zida joylarda 18 ming 881 ta profilaktika tadbirlari o‘tkazildi.
Berilgan aniq ko‘rsatmalar va amaliy choralar natijasida jami 15 ming 185 ta holatda qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suv isrof bo‘lishining oldi olinishiga erishildi.
Jumladan, ekin maydonlarini ko‘llatib sug‘orib, suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘yish, suvlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kollektor-drenaj tarmoqlariga tashlab qo‘yish, sug‘orish ishlariga yetarli darajada suvchilarni jalb etmay, dalada suvni qarovsiz qoldirish, limitdan ortiqcha suv olish, ajratilgan suvdan boshqa maqsadlarda foydalanish va boshqa shu kabi suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibini buzish holatlari aniqlanib, kamchiliklarni joyida bartaraf etish choralari ko‘rildi.
Shuningdek, 3 ming 696 ta holatda suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatilgan maydonlarda mazkur texnologiyadan foydalanmasdan, qishloq xo‘jaligi ekinlarini anʼanaviy sug‘orishga yo‘l qo‘yilishining oldi olindi.
Buning natijasida, davlatdan subsidiya olib, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyasini joriy qilgan, lekin mazkur texnologiyadan foydalanmay turgan 15 ming 818 gektar maydonda texnologiyalar qayta ishga tushirilishiga erishildi.
Inspeksiya xodimlarining bevosita amaliy yordami bilan 2107 ta holatda suvdan foydalanuvchi va suv isteʼmolchilari o‘rtasidagi nizoli holatlar bartaraf etildi;
2576 ta holatda suv taʼminoti og‘ir bo‘lgan suv isteʼmolchilariga suv yetkazib berishda ko‘maklashildi;
486 ta joyda o‘quv seminarlari tashkil etilib, 1840 ta holatda amaldagi qonun hujjatlari va ularga kiritilgan o‘zgartirishlarni tushuntirish, undagi talablar buzilishining oldini olishga qaratilgan uslubiy va tavsiyaviy yordamlar ko‘rsatildi.
Bundan tashqari, suv tanqisligi sezilgan hududlarda bir sug‘orish tarmog‘idan foydalanuvchi fermer, dehqon xo‘jaliklari va boshqalar o‘rtasida suvdan navbatlab foydalanish bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlari amalga oshirilib kelinmoqda.
Bugungi kunda, Inspeksiya xodimlari tomonidan profilaktika tadbirlari o‘tkazilishi natijasida suv isteʼmolchilarining suvdan foydalanish madaniyati darajasi yuksalib, sug‘orish uchun ajratilgan suv resurslaridan oqilona va tejab foydalanilishi taʼminlanmoqda.
“O‘zagroinspeksiya” Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish boshqarmasi