2020 yil paxta hosili uchun Respublikada jami 1033,6 ming gektar maydonda chigit ekilgan bo‘lib, bugungi kunda ularni parvarishlashda zarur agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ayni vaqtda g‘o‘za parvarishida amalga oshiriladigan kultivatsiya, chuqur yumshatish va suspenziya bilan ishlov berish kabi agrotexnik tadbirlar avj pallasiga kirdi.
Joriy yilda yog‘ingarchilik ko‘p bo‘layotganligi g‘o‘za qator oralari tuprog‘ining o‘ta zichlashishiga, g‘o‘za rivojining sustlashishi hamda ildiz tizimining yaxshi rivojlanmasligiga olib kelishi mumkin.
Shundan kelib chiqib, 2020 yil 11 may kuni Bosh vazir o‘rinbosari rahbarligida bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishida Inspeksiyaga chuqur yumshatgichlarni agrotexnik tadbirlariga jalb qilish maqsadida, yuqori unumli traktorlarni yig‘ish, ularga suspenziya sepish moslamalari bilan jihozlangan chuqur yumshatgichlarni taqish ishlari ustidan qattiq nazorat o‘rnatish topshirig‘i berilgan edi.
Mazkur topshiriqqa asosan, g‘o‘za qator oralariga ishlov berishda qatnashadigan chuqur yumshatgichlarni yig‘ish, ta’mirlash, yuqori unumli traktorlarga taqish va talab etiladigan agrotexnik tadbirlarni o‘tkazishga jalb qilish ishlari bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazildi.
Bugungi kunda, Respublika bo‘yicha qo‘shimcha talab etiladigan 3418 dona yuqori unumli texnikalar ro‘yxati shakllantirilib, Ichki ishlar xodimlari hamkorligida mulkchilik shaklidan qat’iy nazar joylardagi hududiy mashina-traktor parklariga yig‘ilib, ularning texnik holati mutaxassislar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilib, mavsumga soz holatga keltirildi.
Shuningdek, talab etiladigan chuqur yumshatgichlarni hisob-kitobini qilgan holda 2744 dona chuqur yumshatgichlar ta’mirlanib, yuqori unumli texniklarga 5 ta ishchi organlik va oddiy texnikalarga 3 ta ishchi organlik chuqur yumshatshichlar taqilishi ta’minlandi.
Qolaversa, g‘o‘za nihollarini qo‘shimcha oziqlantirish, kasalliklarga va hashoratlarga qarshi ishlov berish maqsadida 1060 ta chuqur yumshatgichlar suspenziya sepish moslamalari bilan jihozlandi.
Joylarda chuqur yumshatgichlardan samarali va unumli foydalanish bo‘yicha Inspeksiyaning hududiy boshqarmalari tomonidan tizimli nazorat o‘rnatilib, kunlik monitoring ishlari davom ettirilmoqda.