Ma’lumki, qishloq xo‘jaligidagi mo‘l-ko‘lchilik bajariladigan mehnat va agrotexnik tadbirlar bilan bir qatorda obi-hayot deb atalmish suvning salmog‘iga ham bog‘liq. Biroq, suvdan xo‘jasizlarcha foydalanish, isrof qilish holatlarini oldini olish haqida ko‘p va xo‘p gapirilsada yurtdoshlarimiz orasida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslardan foydalanishda oddiy ist’emol madaniyatini unutib qo‘yayotganlar uchramoqda.
Buni “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasining Zafarobod tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida aniqlangan qonunbuzilishlarda ham ko‘rish mumkin. Tumanda jami 49 ta qonunbuzilish holati aniqlangan bo‘lib, 19 ta holat bo‘yicha ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.
- Shundan 30 ta holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar Ma’muriy sudga yuborilib, 1 ta - 2 million 453 ming so‘mlik moliyaviy jarima choralari qo‘llanilgan,-deydi -“O‘zagroisnpeksiya” ning Zafarobod tuman bo‘limi katta inspektori G‘ofur Begiev. - Bundan tashqari, qonunbuzilish choralarini bartaraf etish uchun suvdan foydalanuvchi va suv iste’molchilariga 74 ta yozma ko‘rsatma va ogohlantirishlar berilgan.
O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, paxta maydonlari hamda 2021 yil hosili uchun ekilgan boshoqli don ekinlarini sug‘orishda ko‘llatib sug‘orish va suvni kollektor-drenajlarga oqizish hamda g‘o‘zani sug‘orish uchun ajratilgan suvni boshqa ekinlarga va ruxsat etilmagan joylardan shartnoma tuzmasdan suv olish singari kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Jumladan, “To‘ymurod oltin dalasi”, “Beksherxon”, “Shabnam orzusi”, “Langar tog‘i”, “Nurli Nulifar jilosi” fermer xo‘jaliklari tomonidan jami 0,95 ga yaqin yer maydoni ko‘llatib sug‘orilgan bo‘lsa, “Sarmon”, “Bog‘boshi”, “Yomg‘ir tomchisi”, “Taraqqiyot tilsimi”, “Dalamizning barakasi” fermer xo‘jaliklari esa 110 l/sek suvni kollektor-drenaj tarmoqlariga oqizib yuborgan.
Shuningdek, Kojaxmet hududidagi “Agro lider fayz” MChJ tuman suv iste’molchilari uyushmasi bilan shartnoma tuzmasdan o‘zbo‘larchilik bilan boshqa ekinlarni sug‘organlik holati aniqlangan. Inspeksiyaning tuman bo‘limi tomonidan suvdan foydalanish qoidalarini buzgan va qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan fermer xo‘jaliklariga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 74-moddasi 2-qismi bilan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, materiallar ko‘rib chiqish uchun tuman Ma’muriy sudiga taqdim qilingan.
“O‘zagroinspeksiya” ning Jizzax viloyat boshqarmasi Axborot xizmati