Ру Ўз O`z En

202 nafar fermer xo‘jaligi tomonidan “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi qonun talablari qo‘pol ravishda buzilgan 

8 Iyul 2021 1891

O‘zbekiston Respublikasining “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi qonuni va qonunosti normativ-huquqiy hujjatlar talablarining bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisining 2020 yil 14 sentyabrdagi 104-sonli bayonida bir qator topshiriqlar berilgan bo‘lib, bugungi kunda ushbu vazifalarning amaldagi ijrosi taʼminlanishi muntazam tahlil qilib borilmoqda.

Xususan, mazkur topshiriqlar ijrosi bo‘yicha 2021 yilning birinchi yarim yilligida O‘zagroinspeksiya tomonidan bir qator nazorat tadbirlari o‘tkazilib, Qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan masʼullarga nisbatan maʼmuriy choralar ko‘rilishi taʼminlandi.

Jumladan, sohada qonun ustuvorligini taʼminlash, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari, farmon va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilishi yuzasidan 13058 ta nazorat tadbirlar o‘tkazilib, shundan tekshirishlar soni 708 ta, monitoring o‘rganishlar 12449 ta, aniqlangan qonunbuzilishlar 4106 tani tashkil etib, sohaga aloqador korxona va tashkilotlarga 739 ta taqdimnoma va 2855 ta yozma ko‘rsatmalar kiritildi.

Shuningdek, mansabdor shaxslarga nisbatan 488 ta maʼmuriy qarorlar qabul qilinib, ushbu sohada ishni to‘g‘ri tashkil etish maqsadida 12460 ta jismoniy va yuridik shaxslar ogohlantirilgan.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik maqsadida Inspeksiya tomonidan tuzilgan maʼmuriy qarorlar yuzasidan 127,4 mln so‘mlik jarimalar belgilanib, qonuniy qaror qabul qilish uchun Sudlarga 346 ta, prokuraturaga 56 ta, boshqa organlarga 2 ta jami 404 ta materiallar yuborildi. Bundan tashqari, Inspeksiya tomonidan kiritilgan taqdimnomalarga asosan 62 ta shaxslar intizomiy javobgarlikka tortilgan hamda vakolat doirasida ko‘rib chiqilgan maʼmuriy ishlar bo‘yicha 148 ta qaror qabul qilingan.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 martdagi 121-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yil hosili uchun 59 ming tonna urug‘lik chigitlar Inspeksiya huzuridagi Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi DUK tomonidan muvofiqlik sertifikati berilishi uchun tahlildan o‘tkazildi. Tahlillar natijasida 56,7 ming tonna urug‘lik chigitga muvofiqlik sertifikati berilgan bo‘lsa, 494 tonnasi uchun tahlil natijalari berilishi taʼminlandi. Bundan tashqari, 1 ming 798 tonna urug‘lik chigitlar davlat standarti talabida laboratoriya tahlilidan o‘tkazilib, ekishga yaroqsiz deb topildi va tegishli tayyorlov korxonalariga maʼlum qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi qonuni 8-moddasidaurug‘liklarni realizatsiya qilishda urug‘lik to‘dasiga berilgan muvofiqlik sertifikatini urug‘liklarning isteʼmolchilariga (urug‘liklardan foydalanuvchilarga) taqdim etishi” va 26-moddasidaurug‘liklarni realizatsiya qilishga ularning genetik (nav) va ekinboplik sifatlari ko‘rsatilgan muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yilishi” belgilangan bo‘lishiga qaramasdan ayrim paxta-to‘qimachilik klaster korxonalari tomonidan ushbu talablarga rioya qilinmaslik holatlari uchramoqda.

Xususan, Birgina Buxoro viloyatidagi “Buxoro urug‘chilik” MCHJ va “WBM Romitex” MCHJ korxonalari tomonidan yuqoridagi qonun talablari qo‘pol ravishda buzilgan holda 202 nafar fermer xo‘jaliklarining 4665 gektar paxta maydonlariga 166,6 tonna muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan va laboratoriya tahlillari natijasida nomuvofiq deb topilgan urug‘lik chigit to‘dalari realizatsiya qilinganligi aniqlandi.

Xuddi shu singari holatlar Qashqadaryo, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida ham aniqlanib, mazkur holatlar yuzasidan Inspeksiyaning viloyat va tumanlar bo‘limlari tomonidan tegishli tartibda o‘rganish o‘tkazildi hamda to‘plangan materiallar qonuniy chora ko‘rish uchun prokuratura organlariga yuborilishi taʼminlandi.

Qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish sohasidagi tadbirlar hududlarda doimiy nazoratga olingan bo‘lib, aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan tegishli tartibda taʼsir choralari ko‘rilishi taʼminlanmoqda.

Neʼmat IsmailovIsnpeksiyaning Urug‘lik paxta xomashyosi chigiti yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i

Text to speech