Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida strategik ahamiyatga ega sifatli urug‘lik fondini yaratish, qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligi sohasida to‘plangan tajribalar, ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalar, mavjud genetik resurslardan oqilona foydalangan holda urug‘chilik tizimini yuqori pog‘onaga ko‘tarish, ichki isteʼmolchilarni serhosil nav va duragaylarning sifatli va arzon urug‘liklari bilan taʼminlash, eksport salohiyatini yana-da oshirish, sohada malakali kadrlarni tayyorlash hamda qishloq xo‘jaligida hosildorlikni turg‘un oshirish bugungi kundagi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Qishloq xo‘jalik ekinlaridan mo‘l va sifatli hosil olish, ilm-fan yutuqlarini joriy etish, yangi navlar yaratish, urug‘chilik tizimini rivojlantirish kabi konseptual yo‘nalishlarning bajarilishi respublikada oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va eksport salohiyatini yuksaltirishda strategik ahamiyatga ega bo‘ladi hamda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligining barqarorligini taʼminlaydi.
Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 9 dekabrdagi (03/1-2662-sonli) topshirig‘i hamda unga ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”da “Xorijiy hamkorlar talabi asosida Davlat reyestriga kiritilgan navlarning urug‘lik zaxirasini yetarli miqdorda jamg‘arish” muhim vazifalardan biri qilib berilgan edi.
Ushbu muhim vazifalarning bajarilishida Inspeksiya huzuridagi "Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi" davlat unitar korxonasining xalqaro ISTA (International Seed Testing Association) tashkiloti uyushma aʼzoligiga erishishi va maxsus sertifikatga ega bo‘lganligi urug‘lar eksportini amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Mazkur tashkilot aʼzoligiga erishish qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘lari va ko‘chat materiallarini eksport qilishga keng yo‘l ochib berilishi bilan birga, jahon standarti talablarida urug‘lik materiallarining sifat ko‘rsatkichlarini tahlil qilish jarayonlarida tajriba almashish va zamonaviy metodlardan xabardor bo‘lib turish imkonini beradi.
Yuqoridagi dolzarb vazifalardan kelib chiqib, 2020 yil hosil yilida O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jalik ekinlari davlat reyestriga kiritilgan 33 ta rayonlashgan, 23 ta istiqbolli va 52 ta yangi navlardan jami 180,3 ming tonna urug‘lik paxta xom ashyosi jamg‘arilgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 martdagi PQ-4633-sonli qarori qabul qilinganidan so‘ng, paxta-to‘qimachilik klasterlari, kooperatsiyalar va fermer xo‘jaliklariga rayonlashtirilgan g‘o‘za navlarini ixtiyoriy tanlash vakolati berildi va bugungi kunda dehqonlar va klasterlar tomonidan ko‘plab ehtiyoj bildirilayotgan Sulton navi joriy yilda 27 ming 738 gektar, Buxoro-102 navi 18 ming 173 gektar, Andijon-35 nav 8 ming 887 gektar, Buxoro-6 navi 7 ming 612 gektar, S-8290 navi 6 ming 260 gektar maydonda yuqori avlodli urug‘lik yetishtirish maqsadida parvarish qilinmoqda.
Umuman olganda, 2021 yil hosili uchun esa jami 47 ta navlar, shu jumladan 23 ta ertapishar, 5 ta o‘rtapishar, 5 ta ingichka tolali va 14 ta yangi va istiqbolli navlarning elita va keyingi avlodga mansub urug‘lik chigiti 127,3 ming gektar maydonga ekilib, shundan 45,6 ming gektari elita, 77,6 ming gektari birinchi va 4,1 ming gektari ikkinchi avlodni tashkil qiladi. Bugungi kunda ushbu urug‘lik maydonlarning 3,8 ming gektari 3-4 chinbarg fazasida, 33 ming gektari 5-6 chinbarg, 88,3 ming gektari shonalash fazasida rivojlanmoqda.
Bugungi kunda urug‘lik maydonlarning 117,4 ming gektarida yaganalash, 90,3 ming gektari yoki 71 foizida 3-kultivatsiya, 140,5 ming yoki 1,1 marta chuqur yumshatish, 166,9 ming gektar yoki 1,3 marta begona o‘tdan tozalash, 176,7 ming gektar yoki 1,4 marta suspenziyalash, 123,2 ming gektarida 1-marta, 33 ming gektarida 2-marta oziqlantirish o‘tkazilgan.
G‘o‘za navlari kesimidagi urug‘lik paxta maydoni, 2021 yil G‘o‘za navlari kesimidagi urug‘lik paxta maydonlarida olib borilayotgan agrotexnik va urug‘chilik tadbirlari O‘zagroinspeksiya tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, yuqori sifatli urug‘lik yetishtirish borasida urug‘lik yetishtiruvchi subyektlar maydonlarida monitoring o‘tkazish tadbirlari davom ettirilmoqda.
Neʼmat Ismailov, Inspeksiyaning Urug‘lik paxta xomashyosi chigiti yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i