O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 maydagi “Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urug‘chiligini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4704-sonli qarorining 1-1a-ilovalarida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash yuzasidan, Inspeksiyaning Ko‘chatlar, meva-sabzavot va poliz qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirishni nazorat qilish bo‘limi va uning vertikal tizimidagi inspektorlar tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, Qarorning 1-ilovasiga ko‘ra 7 ta viloyatning 23 ta tumanlarida super elita va elita hamda 1a-ilovaga muvofiq 7 ta viloyatning 9 ta tumanlarini 40 ta hududlarida kartoshkaning super elita urug‘liklari yetishtirishga ixtisoslashtirish vazifasi belgilab berilgan.
Mazkur qarorning ijrosini taʼminlash yuzasidan, Ko‘chatlar, meva-sabzavot va poliz qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirishni nazorat qilish bo‘limi va uning vertikal tizimidagi inspektorlar tomonidan qarorda belgilab berilgan hududlarni urug‘lik kartoshka yetishtirishga ixtisoslashganligi, urug‘lik kartoshka ekiladigan maydonlar uchun sarflanadigan urug‘liklari, ushbu yuqori avlodli urug‘liklarga muvofiqlik sertifikati olinganligi hamda urug‘liklarni fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarining ekish maydoniga o‘z vaqtida yetkazib berilishi bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazib borildi.
2022 yil hosili uchun jami 11 ming 167 gektar maydonlarda kartoshkaning yuqori avlodli urug‘liklari ekilishi taʼminlanib, buning natijasida 39 ming 461 tonna urug‘lik kartoshka jamg‘arilishiga erishilib, shundan, 2 ming 283 tonnasi elita va 37 ming 178 tonnasi R-1 avlodli urug‘liklarni tashkil etdi.
Bugungi kunda, inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlarida faoliyat olib borayotgan urug‘chilikni nazorat qiluvchi inspektorlarga, joylarda jamg‘arilgan urug‘lik kartoshkalarni belgilangan talablar asosida sifatli saqlanishi holati bo‘yicha nazorat tadbirlari olib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berib borilmoqda.
Kelgusi yilda, qarorda belgilab berilgan viloyatlarning tumanlarida kartoshkaning yuqori avlodli urug‘liklarini yetishtirishga ixtisoslashtirish ishlarini yana-da rivojlantirish, urug‘lik kartoshkani mahalliy sharoitda ko‘paytirib ichki ehtiyojni qondirish va import urug‘liklar hajmini keskin kamaytirish bo‘yicha nazorat tadbirlari olib boriladi.
M.Qurbonboyev,“O‘zagroinspeksiya” Qishloq xo‘jaligi urug‘lari yetishtirishni nazorat qilish boshqarmas boshlig‘i
Z.Ismatov, Ko‘chatlar meva-sabzavot va poliz qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirishni nazorat qilish bo‘limi