Ру Ўз O`z En

2022 yil hosili uchun chigit ekish ishlari monitoring qilinmoqda

21 Aprel 2022 1872

Respublikada joriy yil hosili uchun paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan jami 1 mln 34 ming 223 gektar maydonga chigit ekilishi belgilangan bo‘lib, ayni damda mirishkor dehqonlarimiz tomonidan bu muhim tadbir deyarli nihoyasiga yetib qoldi.

Chigit ekish ishlarining borishi yuzasidan o‘tkazilayotgan monitoringlar davomida aniqlanishicha, bugungi kunda 98 foiz maydonda ekish ishlari yakunlangan bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (81%) va Navoiy viloyatida (87%) ekish ishlarini qisqa muddatda yakunlash choralari ko‘rilmoqda.

Hududiy inspektorlar tomonidan o‘tkazilayotgan monitoringlar davomida paxta-to‘qimachilik klaster korxonalari va fermer xo‘jaliklariga chigit ekishda agrotexnik tadbirlarga to‘liq rioya etilishi, qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlaridan unumli foydalanish yuzasidan tegishli ko‘rsatma va amaliy yordamlar ko‘rsatib kelinishi bilan birgalikda, bir qator hududlarda ekish ishlarida agrotexnik tadbirlarning buzilishiga ham yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Jumladan, 3 ming 802 ta fermer xo‘jaliklarining 26 ming 500 gektar maydonlarida chigit sifatsiz ekilishiga yo‘l qo‘yilgan maʼlum bo‘ldi.

Misol uchun, mavsum davomida 1166 ta subyektlarda 6473 gektar maydonlarda karta atroflarida yerga yer qo‘shmasdan chigit ekilganligi, 525 ta subyektlarda 3425 gektar maydonlarda sayoz va yetarli chuqurlikka ekilmaganligi, 447 ta subyektlarda 5251 gektar maydonlarda fosforli va kaliyli o‘g‘itlar berilmasdan ekilganligi, 870 ta subyektlarda 5771 gektar notekis maydonlarga ekilganligi hamda 794 ta subyektlarda 5579 gektar kesakli tayyorlangan maydonlarga chigit ekib yuborilishiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.

Ushbu aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalariga 1758 ta ogohnomalar, 666 ta ko‘rsatma berilib, mahalliy hokimlik va idoralarga 36 ta taqdimnoma kiritilib, ta maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

"O‘zagroinspeksiya" Qishloq xo‘jaligida Agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish boshqarmasi

Text to speech