Ayni kunlarda Jizzax viloyatida 2022 yil g‘alla hosili uchun jami 93 ming 500 gektar suvli maydonda g‘alla parvarishlanmoqda. Shundan, 27 ming 757 gektari ochiq maydonlarga, 65 ming 743 gektari g‘o‘za qator orasiga joylashtirilgan.
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan o‘tkazilayotgan monitoringlarga ko‘ra, bugungi kunda g‘alla maydonlarining 41 ming 151 gektari (44,0%) 3-4 barg, 52 ming 349 gektari (66%) tuplash fazasida rivojlanayotganligi aniqlandi.
Ayni paytda, g‘alla maydonlarining har gektarini fizik holda 200 kg.dan azotli o‘g‘itlar bilan birinchi oziqlantirish uchun tumandagi g‘allachilik klasterlari tomonidan azotli o‘g‘itlar zaxirasi yaratilmoqda.
Tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan profilaktik ishlar tahliliga ko‘ra, viloyat bo‘yicha ekilgan suvli g‘alla maydonlarini bahorgi oziqlantirish tadbirlari uchun jami 18 ming 700 tonna azotli mineral o‘g‘itlar talab qilinib, bugungi kunda 13 ming 776 tonna yoki 73,7 foiz azotli mineral o‘g‘itlar zaxirasi yaratilgan.
Shundan, Sh.Rashidov tumanida g‘allani bahorgi birinchi oziqlantirish uchun 2 ming 424 tonna azotli mineral o‘g‘it talab qilinib, joriy yilning 4 fevral holatiga “Dafna ifori” MCHJ tomonidan 2 ming 424 tonna yoki 100 foiz mineral o‘g‘it zaxirasi yaratilgan. Xuddi shunday mineral o‘g‘it jamg‘arish ishlari Do‘stlik tumanida 100 foiz, Mirzacho‘l tumanida 92,5 foiz, Zafarobod tumanida 91,8 foiz, Zomin va Zarbdor tumanlarida 86,0 foizga bajarilgan.
Biroq, viloyatning Arnasoy va Paxtakor tumanlarida mazkur tadbirlarni amalga oshirishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda.
Masalan, Arnasoy tumanida parvarish qilinayotgan g‘alla maydonlarini oziqlantirish uchun 2 ming tonna azotli o‘g‘it zarur bo‘lsada, amalda 480 tonna yoki 24 foiz, Paxtakor tumanida oziqlantirish uchun talab etiladigan 2 ming 600 tonna mineral o‘g‘itlarning bugungi kunda bor yo‘g‘i 1 ming 140 tonnasi yoki 44 foiz zaxirasi yaratilganligi aniqlandi.
Xulosa o‘rnida, g‘alla parvarishida agrotexnik tadbirlarning barchasi bugungi kunda o‘ta muhim bo‘lib, ushbu tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarib borilishi ko‘zlangan hosilning mo‘l bo‘lishiga imkoniyat yaratadi.
Bu borada joylarda amalga oshirilayotgan ishlar Inspeksiya xodimlari tomonidan doimiy nazorat olib boriladi.
“O‘zagroinspeksiya” Jizzax viloyat boshqarmasi Axborot xizmati