Ру Ўз O`z En

2022 yil hosili uchun parvarish qilinayotgan g‘alla maydonlariga mahalliy o‘g‘it jamg‘arish ishlari Inspeksiya nazoratida

31 Yanvar 2022 1506

Respublikamizda joriy yil hosili uchun 1 mln 30 ming 464 gektar suvli maydonlarda boshoqli don ekinlari parvarish qilinmoqda.

Bugungi kunda, ushbu g‘alla maydonlarining 213 ming gektari 3-4 barg va 817 ming gektari tuplash fazasida rivojlanmoqda.

Ayni paytda, boshoqli don ekilgan dalalarda eng asosiy qishki agrotexnik tadbirlardan biri bu–mahalliy o‘g‘it jamg‘arish bo‘yicha qizg‘in ishlar olib borilmoqda.

Kuzgi boshoqli don ekinlarining hosildorligi hamda tuproq unumdorligini oshirishda mahalliy o‘g‘itlarning ahamiyati beqiyos.

Ko‘p yillik g‘alla yetishtirish tajribalaridan kelib chiqqan holda  hamda soha olimlari tavsiyalariga ko‘ra, g‘alla maydonlarining gektariga 5 tonnadan mahalliy o‘g‘it jamg‘arish, shuningdek g‘alla maydonlarining suv kirish quloqlarini har 5 gektariga bir donadan sharbat o‘ralar qazib, mahalliy o‘g‘it bilan to‘ldirish va g‘allani bahorgi 1-sug‘orishga tayyorlash tadbirlari tashkil qilinmoqda.

Bu borada, Inspeksiyaning viloyat boshqarmalari va tuman bo‘limlari tomonidan joylarda g‘alla parvarishida mazkur agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

Jumladan, hududiy inspektorlar tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra, g‘allachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan mavsum boshidan buyon 2 mln 29 ming tonna mahalliy o‘g‘it jamg‘arilganligi hamda 160 ming dona sharbat o‘ralar tayyorlash ishlari amalga oshirilganligi aniqlandi.

Biroq, ushbu muhim tadbirlarga bir qator hududlarda yetarlicha eʼtibor qaratilmayotganligi maʼlum bo‘ldi.

Misol uchun, yanvar oyi davomida g‘alla maydonlarining har gektariga

3 tonnadan mahalliy o‘g‘it chiqarish belgilangan bo‘lib, bugungacha 750 ming tonnaga yaqin (24%) mahalliy o‘g‘it chiqarilgan bo‘lsa, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida 18 foiz, Andijon, Surxondaryo, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida

20-22 foiz atrofida mahaliy o‘g‘it chiqarilgan. Xo‘jaobod, Qo‘rg‘ontepa, Shahrixon, Sherobod, Qiziriq, Oqoltin, Sardoba, Sh.Rashidov, Bekobod, Bo‘ka, Quyichirchiq, O‘rtachirchiq, Bog‘dod, Farg‘ona, Dang‘ara, Qo‘shtepa kabi tumanlarda yanvar oyining o‘tgan davri mobaynida 14-18 foiz atrofida mahalliy o‘g‘it chiqarilgan, xolos.

G‘alla maydonlarida amalga oshirilgan agrotexnik tadbirlarni bajarilishi ustidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida, xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan fermer xo‘jaliklariga 6 ming 529 ta ogohlantirishlar, 4 ming 248 ta yozma ko‘rsatma hamda mahalliy hokimliklarga 267 ta taqdimnomalar berilib, aybdorlarga nisbatan 77 ta maʼmuriy jazo choralari qo‘llanildi. 

Hududlarda g‘alla parvarishida amalga oshirilayotgan barcha agrotexnik tadbirlar Inspeksiya tomonidan doimiy nazorat olib boriladi.

Inspeksiyaning Qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish boshqarmasi

Text to speech