O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 apreldagi “Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalaridan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 325-sonli qaroriga asosan eski namunadagi barcha texnik pasport va texnik guvohnoma, traktorchi-mashinist guvohnomasi hamda davlat raqam belgisini almashtirish muddati 2022 yil 31 dekabrgacha bo‘lib, 2023 yil 1 yanvardan boshlab eski namunadagi ushbu hujjatlar haqiqiy emas deb hisoblanishi belgilangan.
Mazkur qaror ijrosini o‘z vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davri davomida jami 33 ming 601 dona qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarining elektron bazasi shakllantirildi. Shundan, 25 ming 22 dona qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalari yangi namunadagi texnik pasport, texnik guvohnoma va davlat raqam belgilari bilan taʼminlandi.
-Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida viloyatda 11 ming 233 dona eski namunadagi traktorchi-mashinist guvohnomasi, texnik pasport va texnik guvohnomalar almashtirilishi mo‘ljallanmoqda.
Hususan, 2 ming 654 dona traktorchi-mashinist guvohnomasi, 8 ming 579 dona texnik pasport va texnik guvohnomalari almashtiriladi.
Shundan, Pastdarg‘om tumanida 2 ming 92 dona, Bulung‘ur tumanida 1 ming 384 dona, Kattaqo‘rg‘onda 1 ming 140 dona, Ishtixonda 797 dona, Narpay tumanida 693 dona Toyloq tumanida 688 dona eski namunadagi traktorchi-mashinist guvohnomasi, texnik pasport va texnik guvohnomasini yangi namunadagi plastik ko‘rinishga ega bo‘lganlariga almashtirish tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari sohaviy inspektorlari tomonidan hududlar kesimida monitoring tadbirlari o‘tkazilib, amalga oshirilgan ishlar kunlik tahlil qilinmoqda.
Jismoniy va yuridik shaxslar eski namunadagi traktorchi-mashinist guvohnomasi, texnik pasport va texnik guvohnomani yangi namunadagisiga almashtirish yuzasidan ogohlantirilmoqda, - deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi bosh inspektori Shaxriddin Butunov.
Yana bir gap: Yuqoridagi qarorga asosan, 2023 yilning 1 yanvardan boshlab, eski namunadagi traktorchi-mashinist guvohnomasi, texnik pasport va texnik guvohnoma haqiqiy emas deb topiladi hamda yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining “Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksning tegishli moddalariga asosan, maʼmuriy javobgarlik belgilanadi.
Abduvali Xudoyorov, “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi bosh inspektori