Ру Ўз O`z En

32 nafar fuqarolardan nasos agregatlari xatlab olindi

15 Iyul 2021 1860

Maʼlumki, so‘nggi yillardagi qishloq xo‘jaligida eng og‘riqli muammolardan biri ekinlarni sug‘orish uchun suv yetishmasligi bo‘lib turibdi. Shundan kelib chiqqan holda, viloyatda masʼul tashkilotlar tomonidan mavjud suv zaxiralaridan imkon darajasida tejamkorlik bilan foydalanish va shu orqali muammoning ko‘lamini kamaytirish bo‘yicha reja ishlab chiqilgan bo‘lib, suv har bir dalaga belgilangan limitlar asosida yetkazib berilmoqda

Tabiiyki, bunday vaziyatda kimningdir suvdan o‘zbilarmonlik bilan foydalanishi, uning isrofiga yo‘l qo‘yishi boshqa bir dalaga suv yetib bormasligiga sabab bo‘lishi aniq.

Ammo bu borada faqat o‘zini o‘ylab ish ko‘rayotgan, mavjud suv zaxiralaridan belgilangan tartib-qoidalarga zid ravishda foydalanayotgan yoki uning isrofiga yo‘l qo‘yayotgan fuqarolarimiz ham ko‘plab topiladi.

Birgina Chiroqchi tumanidagi Eski Anhor kanalida orqali o‘tkazilayotgan suvning belgilangan ekin dalalariga yetib borishi holati o‘rganilganda, 32 nafar fuqaroning hech qanday ruxsatsiz kanalga nasos agregatlarini o‘rnatib, shartnoma asosida mahsulot yetishtirayotgan fermer xo‘jaligi va boshqa tadbirkorlik subyektlari uchun ajratilgan suvdan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi.

Ushbu holat bo‘yicha tegishli tartibda dalolatnoma tuzilib, nasos agregatlari xatlab olindi.

Bundan tashqari, viloyatda ekin dalalarini ko‘llatib sug‘orish, suvni shunchaki kollektorlarga oqizib qo‘yish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar ham juda ko‘p qayd etilmoqda.

Misol uchun, "O‘zagroinspeksiya"ning viloyat boshqarmasi inspektorlari tomonidan joriy yilning dastlabki yarmida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida hududda suvdan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq 3 ming 186 ta holat qayd etildi. Ularning 888 tasiga nisbatan maʼmuriy bayonnoma va moliyaviy sanksiyalar rasmiylashtirilgan bo‘lsa, 119 ta ish tegishli tartibda ko‘rib chiqilishi uchun sudlarga yuborilgan. Qolgan holatlar bo‘yicha esa ogohlantirish va taqdimnomalar qo‘llanilgan.

 

Oybek TO‘RAQULOV, “O‘zagroinspeksiya” Qashqadaryo viloyat boshqarmasi Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi  bosh inspektori

 

Text to speech