Ру Ўз O`z En

G‘o‘za parvarishida qatnashishi belgilangan 1 ming 359 ta kultivatordan 279 tasi dalaga chiqmagan

17 Iyul 2021 1965

Joriy yil hosili uchun Jizzax viloyatining paxtachilik tumanlaridagi mavjud fermer xo‘jaliklari va paxta klasterlari tomonidan jami 80 ming 20 gektar maydonga paxta ekildi. Ayni damlarda g‘o‘zaga ishlov berish, oziqlantirish va kultivatsiya ishlari olib borilmoqda. Bugungi kunga qadar 72 ming 580 gektar yerda 2-oziqlantirish ishlari amalga oshirildi.

Bilamizki, o‘simliklarning yaxshi o‘sib, rivojlanishida g‘o‘za qator oralariga ishlov berishning ahamiyati katta. Sababi kultivatsiyada tuproqning xususiyatlari yaxshilanishi bilan bir qatorda tuproqdagi nam saqlanib, begona o‘tlar yo‘qotiladi. Bunda  eng avvalo kultivatordagi ishchi organlarining sozligi va soniga jiddiy eʼtibor qaratish lozim.

Bu borada Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan ishlarga  to‘xtaladigan bo‘lsak, 77,8 gektardan ziyodroq maydonlar qator orasiga 5 marta ishlovlar berildi. Mazkur agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi “O‘zagroinspeksiyaning Jizzax viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan kunlik nazorat qilib borilmoqda.

Taʼkidlash joizki, g‘o‘zaning o‘suv davrida unga preparatlar asosida ishlov berish va turli kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish ham o‘ta muhim vazifalardan sanaladi. Shu bois g‘o‘za maydonlaridagi bugungi mavjud holat eʼtiborga olinib, dalalarni kultivatsiyadan chiqarish bilan bir qatorda g‘o‘za nihollari, gul va barglarini hamda ko‘saklarini shikastlaydigan trips, o‘rgimchakkana, qandala va ko‘sak qurtiga qarshi OVX purkagichlar yordamida ishlov berish tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Misol uchun, kimyoviy preparatlar bilan trips, o‘rgimchakkana, qandala singari xavfli zararkunandalarga qarshi esa 68 ming gektar, ko‘sak qurtiga qarshi 33 ming gektar maydonlarda profilaktik ishlovlar berildi.

Lekin mazkur agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish jarayonida joylarda bir qator kamchiliklar ham kuzatilmoqda. Chunonchi, joriy yilning 16 iyul holatiga ko‘ra, mavsumda qatnashishi belgilangan 1 ming 359 ta kultivatorlardan 1 ming 80 tasi, 279 ta OVX purkagichlardan 206 tasi qatnashgani, o‘rganishlarda maʼlum bo‘ldi.

Bugungi dolzarb pallada o‘tayotgan har bir kun hosil taqdirini hal qilishi mumkinligini hisobga olsak, har bitta texnika nechog‘li zarurat ekanini anglash qiyin emas.

G‘o‘za parvarishidagi agrotexnik tadbirlarni viloyatning Arnasoy tumani misolida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, mazkur tumanda bu yil hudud paxtakorlari tomonidan 8 ming gektar yerda g‘o‘za parvarish qilinmoqda.

- Qishloq xo‘jaligi texnikalarining mavsum ishlariga qatnashishi bilan bog‘liq kamchiliklar Arnasoyda ham kuzatilmoqda, deydi “O‘zagroinspeksiyaning tuman bo‘limi inspektori Ravshan Xoliqov.

Masalan, 16 iyul holatiga mavjud 162 ta kultivatordan 99 tasi ishtirok etgan bo‘lsa, OVX-600 purkagichlardan esa 35 tadan 23 tasi qatnashgan, xolos. Texnikalarning to‘liq qatnashmagani tabiiyki, qator oralariga ishlov berish hamda zararkunandalarga qarshi kurashish ishlarining o‘z muddatida yakunlanmay, kechiktirilishiga olib keladi. Hozirda mazkur kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida belgilangan texnikalarni dalalarga chiqarish choralari ko‘rilmoqda.

Inspeksiyasining tuman bo‘limi xodimlari tomonidan g‘o‘za parvarishi bo‘yicha 231 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilib, shundan 163 ta fermer xo‘jaliklari va klasterlarning 2,0 ming gektar maydonida xato va kamchiliklar, qonunbuzilishi holatlari aniqlangan. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish va taʼsir choralarini ko‘rish maqsadida fermer xo‘jaliklari, klaster va tegishli tashkilotlarga 561 ta ogohlantirish, 7 ta yozma ko‘rsatma va taqdimnomalar kiritilgan, 3 ta holat bo‘yicha maʼmuriy jarimalar qo‘llanilgan.

Xulosa o‘rnida, o‘tayotgan har bir kun dehqonlarimiz uchun g‘animat. Shunday ekan, har bir daqiqadan unumli foydalanib, bor kuch va imkoniyatlarni to‘laligicha ishga solish, agrotexnik tadbirlarni o‘z muddatida yakunlash zarur. Zero, bugungi harakat kelgusida hosil taqdirini belgilaydi.

O‘zagroinspeksiyaning Jizzax viloyat boshqarmasi Axborot xizmati

Text to speech