Ру Ўз O`z En

NAVOIYDA G‘O‘ZA AGROTEXNIKASI TADBIRLARI DAVOM ETMOQDA

17 Iyun 2021 2914

Iyun oyi g‘o‘za parvarishida muhim dolzarb palla hisoblanadi.

Ayni dolzarb mavsumda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari inspektorlari g‘o‘za agrotexnik tadbirlarini kechiktirmasdan o‘tkazilishini jiddiy nazoratga olishgan.

Joriy yil viloyatda 32 588 gektar maydonga chigit qadalgan bo‘lib, bugungi kunda Xatirchi, Navbahor, Qiziltepa, Karmana, Konimex tumanlarida g‘o‘zalar tobora rivojlanib, shonalash va gullash fazalariga kirgan. Xususan, viloyat bo‘yicha 26 112 gektar maydondagi g‘o‘za shonalagan bo‘lsa, 6476 gektar maydonlarda g‘o‘za gullagan.

Gullagan g‘o‘za maydonining 2 169 gektari Xatirchi, 1 675 gektari Qiziltepa, 1 464 gektari Navbahor, 1 056 gektari Karmana, 112 gektari esa Konimex tumanlariga to‘g‘ri keladi.

Aytish joizki, ayni kunlarda dalalarda kultivatsiya, g‘o‘zani oziqlantirish va sug‘orish kabi agrotexnik tadbirlar davom etmoqda. Jumladan, tuproq yetilishi bilan qator oralariga kultivatorni kechiktirmasdan kiritilishi o‘simlikning oziqlanish tizimi yaxshilanishi, yosh nihollarning ildiz chirish va gommoz kasalliklari bilan zararlanishining oldini oladi.

Viloyat bo‘yicha mavsumga 740 ta kultivatorlar jalb etilgan bo‘lib, bir kunda 3-3,2 ming gektar, mavsum boshidan esa 4,5 marta g‘o‘za qator orasiga ishlov berildi.

Navbahor tumanidagi “Ikki o‘g‘lon” fermer xo‘jaligining raisi Maqsud O‘roqov, 61,9 gektar maydonga chigitning “Buxoro 102” navidan ekkandi. Hozirga kelib zamonaviy texnikalar bilan g‘o‘za qator oralariga ishlov berish, chuqur yumshatish, suspenziya sepish, mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish kabi agrotexnik tadbirlarini o‘z vaqtida sifatli olib borgan fermer yerlarida g‘o‘zalar to‘liq gullagan.

M. O‘roqovnining aytishicha, g‘o‘zalarga uch marta suspenziya sepildi, 4-5 marta kultivatsiya qilindi. Shu bilan birga birinchi sug‘orish ishlari ham bajarildi. Paxtakor fermer dala maydonini yaqinda ikkinchi marta sug‘orishini taʼkidlaydi. Aytish joizki, bu kabi agrotexnik tadbirlarni kechiktirilmay va sifatli bajarilishida Inspeksiyaning tuman bo‘limi inspektorlari olib borayotgan nazorat tadbirlarining ahamiyati katta bo‘lmoqda.

Tumanda paxtachilikka ixtisoslashgan 182 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 7 555 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanmoqda, - deydi Inspeksiyaning Navbahor tuman bo‘limi inspektori Bobur Mo‘minov.

Kundan kunda bo‘y cho‘zib rivojlanib borayotgan g‘o‘za maydonlarida barcha agrotexnik tadbirlarni kechiktirmasdan o‘tkazish bo‘yicha 136 nafar fermer xo‘jaliklariga ogohlantirish xatlari, 55 nafariga yozma ko‘rsatmalar berildi. Hosilning mo‘l bo‘lishi bugungi harakatga bog‘liq. Shu bois bu boradagi nazorat tadbirlarini muntazam olib bormoqdamiz. 

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, hosil taqdiri hal bo‘ladigan ayni shu kunlarda g‘o‘za maydonlarining har gektariga 5 tonnadan mahalliy o‘g‘it chiqarilib, sharbat usulida sug‘orish tashkil etilsa, tuproqdagi mavjud mikroorganizmlar faoliyati jadallashib, mineral o‘g‘itlar samaradorligi 50 foizgacha oshadi.

Ushbu jarayonning sifatli amalga oshishi hosildorlik cho‘g‘i baland bo‘lishida muhim rol o‘ynaydi.

Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi katta inspektori Burhon To‘ychiyev bergan maʼlumotlarga ko‘ra, viloyatda mavsum boshidan buyon g‘o‘za agrotexnik tadbirlarini o‘tkazishda Agroinspeksiya inspektorlari tomonidan 369 ta kamchiliklar aniqlangan. Ularni bartaraf etish bo‘yicha tuman hokimliklariga 6 ta taqdimnoma kiritilgan. 303 nafar fermer xo‘jalik rahbarlariga ogohlantirish xatlari 32 nafariga esa yozma ko‘rsatma berilgan. Shuningdek, to‘rtta holatda maʼmuriy ish qo‘zg‘atilib, ko‘rib chiqishlik uchun tuman sudlariga yuborilishi taʼminlangan.

 “O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmati

Text to speech