Qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil va sifatli mahsulot yetishtirish urug‘likka bog‘liq. Sifatli urug‘lik yetkazib berish zamirida urug‘larni yetishtirish, qayta ishlash hamda navdorlik va ekinboplik sifat ko‘rsatgichlarini nazorat qilish soha xodimlaridan jiddiy masʼuliyatni talab qiladi.
Joriy yilda Toshkent viloyatida 3 ming 332 tonna urug‘lik paxta tozalanib saralandi. Shundan 2 ming 332 tonna urug‘lik chigit tuksizlantiriladi va dorilanib qadoqlanadi.
Viloyat bo‘yicha Davlat reyestri ro‘yxatidan o‘tgan, O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan g‘o‘za navlaridan 105 tonna elita, 1 ming 493 tonna birinchi va 734 tonna ikkinchi avlodli urug‘lik chigitini tayyorlash rejalashtirilgan.
Viloyatda ekilishi belgilangan urug‘lik chigitlar tuksizlantirilgan holda tayyorlanishi hamda nav tozaligi super elita va elita avlodli urug‘lik chigitda 100%, birinchi avlodda 99%, ikkinchi avlodda 98%, uchinchi avlodda esa 96% dan kam bo‘lmasligi, shuningdek, unuvchanlik, ifloslik, namlik, mexanik shikastlanganlik va qoldiq tola ko‘rsatkichlari kabi sifat ko‘rsatkichlari davlat standartlari talablariga mos bo‘lishi kerak.
Qabul qilingan urug‘lik paxta xom-ashyosini g‘aramlarda kamida ikki oy tinim davrida sifatli saqlanib, paxta xom-ashyosidagi chigitlar to‘liq fiziologik yetilganidan so‘ng, qayta ishlashga berish va ishlab chiqarishdan olingan urug‘lik chigitni urug‘lik tayyorlashga ixtisoslashgan korxonalarga tashish, dorilash, saqlash va fermer xo‘jaliklarga yetkazib berilishini tashkil etish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Shu sababli urug‘lik chigit tayyorlash uchun mavjud paxta klasterlariga tegishli paxta tozalash korxonalarida “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan urug‘lik paxtani tozalash hamda mavjud ikkita urug‘lik chigit dorilash sexlarining ishlashi kunlik monitoring qilib borilmoqda.
Ayniqsa, Respublika bo‘ylab ob-havoning keskin sovib ketishi urug‘lik chigit tayyorlashga ixtisoslashgan sexlarning omborxonalarida isitish choralarining ko‘rilganligi, dorilash jarayonlarida namlikning belgilangan meʼyorda bo‘lishi hamda urug‘lik chigitning unuvchanligini yo‘qotmaslik yuzasidan barcha zaruriy choralar ko‘rilishi eʼtibordan chetda qoldirilmadi.
Hozirgi kunda viloyatdagi paxta-to‘qimachilik klasterlari va urug‘lik tayyorlash sexlarida jami 1 ming 188 tonna urug‘lik paxta tozalanib, saralanib, 532 tonnasi tuksizlantirilgan bo‘lsa, 438 tonna urug‘lik chigitni dorilash ishlari amalga oshirildi.
Natijada “O‘zagroinspeksiya”ning Toshkent viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘lim inspektorlari tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat tadbirlari natijasida viloyatda sifatli urug‘lik chigit tayyorlanishiga erishilmoqda.
Bu esa kelgusida fermer xo‘jaliklari tomonidan paxtadan mo‘l hosil olinishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Sh. Usubaliyev, "O‘zagroinspeksiya" Toshkent viloyat boshqarmasi bosh inspektori