Ру Ўз O`z En

Sayhunobod tumanida qishloq xo‘jaligi texnikalari raqamlashtirilmoqda

19 Fevral 2024 1516

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi "O‘zagroinspeksiya" hamda Sirdaryo viloyati hokimligi bilan hamkorlikda joriy yilda respublikada birinchi marta eksperiment tariqasida Sayhunobod tumanidagi qishloq xo‘jaligi texnikalarini raqamlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, qishloq xo‘jaligi texnikalarini real vaqt rejimida texnik holatini kuzatib borish va undan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda yoqilg‘i sarfini kamaytirish va texnikalar yordamida bajariladigan agrotexnik tadbirlar sifatini oshirish hisobiga mahsulot tannarxini kamaytirishdir.

Bugungi kungacha tumandagi “Polytex Sirdaryo” paxta-to‘qimachilik klasterining jami 103 dona qishloq xo‘jaligi texnikalariga GPRS navigator moslamalari o‘rnatilib, raqamlashtirilgan tizim ishga tushirildi.

Joriy yilning 16-17 fevral kunlari “O‘zagroinspeksiya”  UZGPS va “Poly tex Sirdaryo” paxta-to‘qimachilik klasterining mutaxassislari tomonidan tumandagi qishloq xo‘jaligi texnikalari mavjud bo‘lgan fermer xo‘jaliklari masʼullariga texnikalarni raqamlashtirishning afzalliklari va uning imkoniyatlarini yana-da yaqinroq tanishtirish maqsadida seminar-treninglar tashkil etildi.

Ushbu seminar-treninglarda texnikalarga qo‘yiladigan GPRS navigator moslamalarning ishlash jarayonlari, texnikalarni yoqilg‘i sarfini kamaytirish va bajariladigan agrotexnik tadbirlar sifatini aniqlash yuzasidan atroflicha maʼlumotlar berib ketildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan to‘liq javob oldilar. 

Inspeksiyaning Texnika holatini nazorat qilish boshqarmasi

Text to speech