Joriy yilning 15 mart sanasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi va Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamkorligida sohaga oid oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishga qaratilgan hamkorlik memorandiumi imzolangan edi.
Mazkur kelishuv natijasi o‘laroq, bugun Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Agroinspeksiya tashabbusi bilan taʼmirlanib, zamonaviy jihozlangan maxsus o‘quv xonasining foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda "O‘zagroinspeksiya" dan tayinlangan vakil - boshqarma boshlig‘i A. G‘affarov, Oliygoh rahbariyati va boshqa davlat organlari mutasaddilari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Mehmonlarning maxsus o‘quv xonasiga tashrifidan oldin Institut birinchi prorektori Bahodir Mirzayev so‘zga chiqib, dastur doirasida amalga oshirilayotgan bunday loyihada Inspeksiya tashabbusini olqishladi va chuqur minnatdorchilik bildirdi.Shuningdek barcha sharoitlar mujassam bunday o‘quv xonalari kelgusida sohaga oid salohiyatli kadrlar yetishtirishda muhim ahamiyat kasb etishi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng anʼanaga muvofiq rasmiy lenta kesish marosimi bo‘lib o‘tdi va ishtirokchilar foydalanishga topshirilgan maxsus o‘quv xonasi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar