Ру Ўз O`z En

AGROTEXNIK TADBIRLARNINING VAQTIDA BAJARILIShI MO‘L HOSIL OLISh GAROVIDIR

18 May 2020 5711

2020 yil14 aprel kuni Prezidentimiz rahbarligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini yanada rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish yuzasidan agrosanoat tizimi mas’ullari oldida turgan muhim vazifalar belgilab berildi.

  Unga asosan, aholi iste’moli uchun arzon va sifatli qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish yuzasidan yo‘l xaritasi ishlab chiqilmoqda.

 Jumladan videoselektor yig‘ilishida har gektar hisobidan, mavjud rejaga nisbatan paxtadan 10 sentner, g‘alladan 20 sentner qo‘shimcha hosil yetishtirish yuzasidan dolzarb vazifalar belgilab olindi va bundan  ko‘zlangan maqsad, butun dunyoda hukm surayotgan koronavirus pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etish, aholi ehtiyojlarini sifatli va arzon qishloq xo‘jaligi hamda oziq ovqat mas’hulotlari bilan ta’minlashdan iboratdir.

 Samarqandlik bobodehqonlar joriy yilda  215 ming 500 tonna paxta xom ashyosi ishlab chiqarishni rejalashtirishgan. Bunday ulkan hirmon paxtakorlarning mehnati, peshona teri evaziga yaratiladi, albatta. Mavjud 2 ming 106 ta fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalari rahbarlari tomonidan 75 ming 580 gektar yer maydoniga chigitning Sulton, Buxoro-102, Omad,S-8286, Porloq-1 navlari ekilgan bo‘lib, nihol to‘liq undirib olingan.

Galdagi asosiy vazifa, g‘o‘za parvarishida belgilangan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazishdan iborat. Buni dildan his etgan dehqonlarimiz bahorning har bir kunidan unumli foydalanishga harakat qilishmoqda. Ammo, muttasil yog‘ayotgan yomg‘ir hamma vaqt ham bunga imkon bermayapti. Ta’bir joiz bo‘lsa Ona tabiat, dehqonlarimizni yana bir bor sinovdan o‘tkazmoqda.  Inson va tabiatning o‘zaro kurashi sabab, dehqonning irodasi, sabr-bardoshi toblanmoqda.

  Yuqoridagi noqulayliklar sabab,  agrotexnik tadbirlarning kechikmasligini  oldini olish maqsadida, Respublika Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan g‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi yuzasidan ko‘rgazmali seminarlar o‘tkazilmoqda.

 

Unda, qatnashchilarga g‘o‘za ekin maydonlaridagi namni qochirishda chizel chuqurlatgichlar bilan ishlov berish, stimulyatorlar asosida suspenziya sepish tadbirlarining ahamiyatli jihatlari  tegishli mutaxassislar tomonidan atroflicha tushuntirilyapti.

Payariq tumanida o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminarda klaster korxonalari, fermer xo‘jaliklari  va muqobil mashina traktor parklari rahbarlari ishtirok etishdi.  Tadbir davomida paxta maydonlaridagi namlikni qochirish maqsadida, chizel chuqurlatgich bilan 35-40 santimetr chuqurlikda  ishlov berish, namni qochirish bilan birga, g‘o‘za nihollari ildiziga quyosh nuri harorati yetib borishi uchun imkoniyat yaratilishi hamda stimulyatorlar bilan suspenziya sepish hosildorlikni oshirishning eng samarali usullari ekanligi amaliy tarzda tushuntirildi.

 

-Shuningdek, chigit ekilib, nihol to‘liq undirib olingandan keyin dalalarning tuproq sharoiti va g‘o‘za navlarining biologik hususiyatlariga qarab yaganalash ham muhim ahamiyatga ega. Yaganalashning eng optimal muddati g‘o‘za nihollarida 1-2 chinbarg paydo bo‘lgan davr hisoblanadi. Ushbu muddat kechiktirilib, 4-5 chinbarg davrida o‘tkazilsa, paxta hosili 2-3 sentnerga, 6-8 chinbarg davrida yoki shonalash davrigacha kechiktirilsa ko‘chat qalin bo‘lib, nihollarning suv va oziqadan foydalanish samaradorligi pasayib ketadi natijada  hosildorlik 15-20 sentnerga kamayadi.   Boshqarma tomonidan viloyatning paxta yetishtirishga ixtisoslashgan 9 ta tumanida mavjud 523 ta chizel chuqurlatgichlar va suspenziya sepish moslamalarining o‘rnatilganligi, texnika vositalariga xizmat ko‘rsatish va yoqilg‘i moylash materiallari bilan uzluksiz ta’minlanishi yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda - deydi “O‘zaroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i Nurmamat Tursunov.

-Shuningdek, chizel chuqurlatgich bilan ishlov berishning ahamiyatli jihatlaridan yana biri, yerdagi namni tezkorlik bilan qochirish imkoniyatining yuzaga kelishi bilan izohlanadi.  G‘o‘za  rivojida  quyosh harorati juda zarur. Agar chizel chuqurlatgich bilan ishlov berilsa, nihollarga quyosh harorati, issiqlik yetib boradi, yomg‘ir suvlari g‘o‘za nihollari ildiziga yetib borib, uning rivojlanishiga ijobiy ta’sir qiladi. Shu sababli, paxtakorlarimiz mazkur agrotexnik tadbirlarni zudlik bilan o‘tkazishlari lozim,-deydi “Payariq Klaster” MChJ bosh agronomi Alijon Obloqulov.

Chizel chuqurlatgich bilan ishlov berishda qatnashadigan mexanizatorlar uchun  har gektar maydon hisobiga 20 ming so‘m ish haqi to‘lanishi belgilangan. Misol tariqasida ta’kidlash lozimki, mexanizator tomonidan bir kunda o‘rtacha 10 gektar paxta maydoniga ishlov berilsa 200 ming so‘m mablag‘ to‘lanadi. Shuningdek mavsumda qatnashadigan mexanizatorlar uchun mexanizatorlar uyi taxt qilingan bo‘lib, barcha zaruriy sharoitlar yaratilgan. Qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun dalaning o‘zida texnik xizmat ko‘rsatish tashkil etilgan bo‘lib, yoqilg‘i moylash materiallari bilan ta’minlangan.

Ko‘rilayotgan muhim agrotexnik tadbirlarning barchasi, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish maqsadida, paxtadan mo‘l hosil yetishtirish uchun puxta zamin hozirlanayotganidan dalolat beradi.

“O‘zagroinspeksiya” Samarqand viloyat boshqarmasi

Text to speech