Samarqandlik dehqonlar rizq-nasiba yaratishdak ezgu ishlarni bir zum ham susaytirgani yo‘q. Shu maqsadda parvarishlanayotgan 94 ming 230 gektar g‘alla maydonlarida birinchi bahorgi oziqlantirish ishlari to‘liq yakuniga yetkazildi.
Mazkur muhim agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan doimiy nazoratga olib borildi.
Ayni kunlarda viloyat g‘allakorlari g‘allani ikkinchi bahorgi oziqlantirish ishlariga puxta hozirlik ko‘rishmoqda.
Jumladan, viloyatdagi 13 ta g‘allachilik klaster korxonalari tomonidan g‘allani ikkinchi bahorgi oziqlantirish ishlariga talab etiladigan 28 ming 511 tonna azotli mineral o‘g‘itning, bugungi kunda 25 ming 161 tonnasi yoki 88 foizining zaxirasi yaratildi.
Shuningdek, g‘allani bargdan oziqlantirish ishlari g‘alla rivojida muhim ahamiyatga ega. Buni to‘g‘ri anglagan mirishkorlar tomonidan viloyatda mavjud 412 dona OVX purkagichlar bilan 30 ming gektar yoki 32 foiz g‘alla maydonlari bargidan oziqlantirildi.
Bugungi kunda viloyatda 5948 gektar g‘alla maydonlari naychalash fazasida rivojlanayotganligi maʼlum bo‘ldi.
Misol uchun, Paxtachi tumanida 775 gektar, Kattaqo‘rg‘on tumanida 698 gektar, Narpay tumanida 696 gektar, Ishtixon tumanida 596 gektar, Pastdarg‘om tumanida 595 gektar, Payariq tumanida 589 gektar g‘alla maydonlari naychalash fazasida rivojlanmoqda.
“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan 2022 yilning yanvar va fevral oylari davomida 23884 gektar g‘alla maydonlarida nazorat tadbirlari o‘tkazilib, 278 ta fermer xo‘jaliklarining 1496 gektar g‘alla maydonlarida agrotexnik tadbirlar buzilganligi aniqlandi.
Aniqlangan xato-kamchiliklarni bartaraf qilish va kelgusida takrorlanishini oldini olish maqsadida, inspeksiya tomonidan fermer xo‘jaliklari va g‘allachilik klasterlariga 156 ta ogohlantirish, 31 ta yozma ko‘rsatma va 10 ta maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Viloyatda parvarish qilinayotgan g‘alla maydonlaridan mo‘l hosil olish uchun, “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari tomonidan, g‘alla parvarishida agrotexnik tadbirlarning bajarilishi bo‘yicha doimiy nazorat tadbirlari olib boradi.
Adiljon Arziqulov, “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi katta inspektori