Ру Ўз O`z En

Aholi uchun sifatli oziq-ovqat zaxirasi yaratildi

20 Sentyabr 2021 1688

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 martdagi “Mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish va 2021 yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish to‘g‘risida”gi 121-sonli qarorining 1-ilovasi ijrosini taʼminlash maqsadida Agroinspeksiyaning Farg‘ona viloyat boshqarmasi Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi inspektorlari tomonidan mazkur yo‘nalishda bir qator ishlar amalga oshirildi.

Soya ekinidan mo‘l va sifatli hosil yetishtirish maqsadida tuproq unumdorligi hamda suv taʼminoti yaxshi bo‘lgan maydonlarni tanlab olinib, ekinni tuproq sharoitidan kelib chiqqan holda joylashtirilishi to‘liq taʼminlandi.

Viloyat tumanlarida joriy yilning o‘zidayoq inspektorlar tomonidan ilk bor 22 ming 338 gektar g‘o‘za qator orasiga soya ekinining sifatli va o‘z vaqtida ekilishi qatʼiy nazoratga olindi.

 Jumladan, soya ekinini ekish uchun YES Mentor navining R-1 avlodidan 280 tonna, Pamyat navining R-1 avlodidan 60 tonna, Sireliya navining R-1 avlodidan 60 tonna, Arleta navining R-1 avlodidan 320 tonna, Sparta navining R-1 avlodidan 120 tonna, Veda navining R-1 avlodidan 80 tonna va Prudens navining R-1 avlodidan 20 tonna sertifikatlangan sifatli urug‘lik sarflandi.    

 Viloyatimiz aholisining oziq-ovqat mahsulotlariga, xususan, o‘simlik moyiga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirish, import hajmini qisqartirish, chorvachilik va parrandachilikning ozuqa bazasini mustahkamlashda soya ekinining ahamiyati katta. Dukkakli o‘simlik hisoblangan soya barcha qishloq xo‘jalik ekinlari – kuzgi g‘alla, g‘o‘za, makkajo‘xori, sabzavotlar va boshqa ekinlar uchun eng yaxshi o‘tmishdosh ekin hisoblanadi.

 Joriy yilda soya ekinidan jami 10 ming 127 tonna hosil yig‘ib-terib olinib, shundan 879 tonnasi R-2 avlodli sara urug‘likni tashkil etadi. Jamg‘arilgan urug‘lik bilan 2022 yilda viloyatda soya ekini ekish uchun urug‘lik ehtiyoji to‘liq taʼminlanadi, yaʼni kelgusi yilda  25 ming 100 gektar maydonga soya ekini ekish imkoniyati mavjud bo‘ladi.

Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi inspektorlari tomonidan ushbu yo‘nalishda nazorat tadbirlarining o‘tkazilishi tizimli davom ettiriladi.

"O‘zagroinspeksiya" Farg‘ona viloyat boshqarmasi Axborot xizmati

Text to speech