Ру Ўз O`z En

G‘ALLA PARVARISHIGA EʼTIBOR YANADA KUCHAYTIRILISHI TAʼKIDLANDI

10 Fevral 2022 1440

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi Navoiy viloyat boshqarmasi, Navbahor tuman hokimligi qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘limi, Navoiy AKIS maslahat markazi hamda boshqa tashkilotlar hamkorligidagi qishloq xo‘jaligida dolzarb masalalarga bag‘ishlangan o‘quv-seminari tashkil etildi.

Seminarda kuzgi boshoqli ekinlar, xususan, g‘alla parvarishiga eʼtiborni yana-da kuchaytirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri sifatida alohida taʼkidlandi. Rivojdan orqada qolgan g‘alla maydonlarida qo‘shimcha agrotexnik tadbirlarni tashkil etish, mineral o‘g‘itlar va oziqlantirish va mahalliy o‘g‘it jamg‘arish ishlarini bir daqiqa ham susaytirmaslik lozimligi aytildi.

Maʼlumot uchun, tumanda 8 ming 682 gektar maydonga boshoqli don ekilgan bo‘lib, ularning rivojlanishi, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida olib borilishi, g‘o‘zapoyadan tozalash, 2-marta oziqlantirish tadbirlari yuzasidan Agroinspeksiya tuman bo‘limi xodimlari tomonidan doimiy nazorat yo‘lga qo‘yilgan.

Seminarda mutaxassislarning 2022 yil hosili uchun parvarishlanayotgan boshoqli don ekinlarida zang kasalliklarni tarqalishi va ularga qarshi kurash bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalarni qo‘llash bo‘yicha fikr-mulohazalari ham bildirildi. Bundan tashqari, dala maydonlari atrofida bog‘ va uzumzorlarni barpo qilish, suv tejovchi texnoolgiyalarni keng joriy etish, 2022 yil hosili uchun paxta xom-ashyosini yetishtirish bo‘yicha fyuchers shartnomalarini tuzish to‘g‘risida so‘z yuritildi.

-  Bugungi tadbirda bahorgi kartoshka ekinini joylashtirish masalasiga ham eʼtibor qaratildi, - deydi “O‘zagroinspeksiya” Navbahor tuman bo‘limi boshlig‘i Abbos Rizoqulov. – Xususan, tumanda 2022 yil 683 gektar maydonga kartoshka ekilishi rejalashtirilgan. Bu borada birinchi navbatda bajarilishi kerak bo‘lgan vazifa- sifatli urug‘lik kartoshka, shuningdek, fosforli va kaliyli o‘g‘itlar zaxirasini yaratish lozim bo‘ladi. Shundan keyin kartoshka ekishga yer tayyorlash ishlari jadallik bilan olib borilishi zarur. Ayni vazifalarni kechiktirilmay amalga oshirilishi yuzasidan Agroinspeksiya tuman bo‘lim inspektorlarining muntazam nazorati o‘rnatiladi.

Seminar qizg‘in ruhda o‘tib, yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob berildi.

 O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi  matbuot xizmati

Text to speech