Ру Ўз O`z En

AMUDARYO tumani: qishloq xo‘jaligi texnikalari majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilmoqda

13 Mart 2024 496

Ayni kunlarda qishloq xo‘jaligi korxonalari tasarrufidagi mavjud texnika vositalarining bahorgi ekish mavsumiga qay darajada shayligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Agroinspeksiyasining AMUDARYO tuman bo‘limi xodimlari tomonidan maxsus ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.

Tumandagi fermer xo‘jaliklari ixtiyoridagi qishloq xo‘jalik texnikalariga xizmat ko‘rsatuvchi muqobil mashina-traktor parklarida amalga oshirilayotgan tiklash-taʼmirlash jarayoni Agroinspeksiyaning tuman bo‘limi xodimlari tomonidan qatʼiy nazoratga olingan bo‘lib, ishning sifatli bajarilishiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Joriy 2024-yil bahorgi ekish mavsumida qatnashadigan texnikalarni taʼmirlash ishlariga masʼul bo‘lgan joylardagi 18 ta muqobil mashina-traktor parklaridagi barcha qishloq xo‘jalik texnikalari va ularning tirkamalarining ekishga tayyorlik holati Agroinspeksiya mutaxassislari tomonidan sinchiklab ko‘zdan kechirildi. O‘rganishlar jarayonida mazkur mashina-traktor parklariga taʼmirlash uchun keltirilgan 150 dona seyalka, 325 ta kultivator, 1700 ta tishli borona, 293 ta molani taʼmirlash ishlari yakunlangani va ekish ishlariga shay qilib qo‘yilgani aniqlandi.

Dehqonning asosiy ish quroli bo‘lgan texnika vositalarining sozligi, albatta, boshlanayotgan yangi dehqonchilik yilining muvaffaqiyatli o‘tishi uchun mustahkam zamin hisoblanadi. Shu bois, amudaryolik fermerlarning dalalarida ekish ishlarida qatnashadigan texnikalarning mavsumga sifatli tayyorlanganligi alohida eʼtirof etilib, texnik ko‘rikdan o‘tkazilganligi haqida sertifikatlar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining AMUDARYO tuman bo‘limi xodimlari Turkmaniston muqobil mashina-traktor parkida bo‘lishib, mazkur korxonaga keltirilgan paxta va boshqa qishloq xo‘jalik texnikalarining texnik sozlik holatini ko‘rikdan o‘tkazdilar.

Mazkur muqobil mashina-traktor parklarida yig‘ilib, taʼmirlangan 7ta chigit ekish seyalkasi, 19 ta kultivator, 108 dona tishli borona, 19 ta temir mola ekish mavsumiga soz holatga keltirilib, ekish ishlariga 100 foiz tayyorligi bo‘yicha 27 nafar mexanizatorlarga sertifikatlar berildi.

Shuningdek, Agroinspeksiyaning AMUDARYO tuman bo‘limi boshlig‘i Sarvar Matyoqubov rahbarligidagi mutaxassislar Oq oltin muqobil mashina-traktor parkida ham bo‘lishib, bu yerga yig‘ilgan texnika vositalarining 2024 yil ekish mavsumiga tayyorligi holati bilan tanishdilar.

Ushbu muqobil mashina-traktor parklarida 9dona chigit ekish seyalkasi, 15ta kultivator agregati, 130 dona tishli borona, 14 ta temir mola sifatli taʼmirlangan va ekish mavsumiga soz holatga keltirilgan. Agroinspeksiyaning tuman bo‘limi mutaxassislari xulosasiga ko‘ra, mazkur muqobil mashina-traktor parklari tomonidan xizmat ko‘rsatilayotgan fermer xo‘jaliklarining mexanizatorlariga texnika vositalarining texnik ko‘rikdan o‘tkazilganligi haqida sertifikatlar topshirildi.

Qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishlarning asosiy qismini texnikalar bajaradi. Shu tufayli bahorgi dala ishlarining o‘z vaqtida va qulay muddatlarda o‘tkazilishini taʼminlash esa texnika vositalarining sifatli taʼmirlanishiga bog‘liq. Bu borada Agroinspeksiyaning tuman bo‘limi mutaxassislari taʼmirlash jarayoni qatʼiy nazorat asosida olib borilishiga hamisha masʼuldirlar.

Text to speech