Agrosohada qonunchilikni taʼminlash maqsadida, “Inspeksiya”ning Andijon viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlarining tarkibiy tarmoq inspektorlari tomonidan doimiy nazorat o‘rnatilgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 17-martdagi “Yuqori likvidli va monopol tovarlarni sotish jarayonlariga bozor mexanizmlarini joriy etishni davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5031-sonli qaroriga asosan 2021 yil 15 iyundan boshlab paxtadan olingan chigit, paxta moyi va qayta ishlangan chigit chiqindilari ichki bozorda faqat birja savdolari orqali, bozor tamoyillari asosida realizatsiya qilinishi belgilangan bo‘lib, ushbu qaror ijrosini taʼminlash bo‘yicha Andijon viloyatida faoliyat yuritayotgan yog‘-moy korxonalarida monitoring tahlillari olib borilmoqda.
O‘tgan 2021 yil davomida inspeksiyaning Andijon viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan mavjud 46 ta yog‘-moy korxonalarida monitoring tadbirlari o‘tkazildi.
O‘tkazilgan tadbirlar davomida yuqoridagi korxonalardan faqatgina 5 tasi o‘z faoliyatini qarorda belgilanganidek yog‘-moy ishlab chiqarishni to‘liq sikl talablari asosida olib borayotganligi aniqlandi.
Biroq, 41 ta korxona o‘z faoliyatini qaror talablariga zid ravishda, to‘liq texnologik siklni yo‘lga qo‘ymagan holda, ishlab chiqarilgan yog‘-moy mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa va muvofiqlik sertifikatlari olmay turib faoliyatini yo‘lga qo‘yganligi aniqlandi.
Ushbu korxonalarning faoliyati nazorat tadbirlari xulosasiga asosan to‘xtatildi.
Xolat yuzasidan 24 ta korxonaga yozma ko‘rsatmalar berilgan bo‘lsa, 2 ta holat yuzasidan to‘plangan maʼmuriy hujjatlar, qonuniy chora ko‘rishlik uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga jo‘natildi.
Asosiy maqsad, ichki isteʼmol bozorini sifatli va arzon yog‘-moy mahsulotlari bilan taʼminlash hamda xalqaro talablarga mos, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdan iboratdir.
D.Isaqov, Inspeksiyaning Andijon viloyat boshqarmasi bosh inspektori
U.Abdullayev, Inspeksiyaning Andijon viloyat boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh inspektori