Ру Ўз O`z En

Andijon viloyatining urug‘lik paxta maydonlarida olib borilayotgan agrotexnik tadbirlar Inspeksiya nazoratida

19 May 2021 3151

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 iyuldagi 575-sonli qarori bilan tasdiqlangan Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi nizomida berilgan vakolatlardan kelib chiqib, Andijon viloyatida 2021 yil hosilidan urug‘lik paxta yetishtirish, urug‘lik uchun ekilgan maydonlarda g‘o‘za navlarining joylashtirilishi hamda vegetatsiya davrida olib boriladigan agrotexnik tadbirlar Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi tomonidan nazoratga olingan.

Jumladan, joriy yil hosilidan urug‘lik paxta yetishtirish huquqini qo‘lga kiritish maqsadida viloyatda 582 nafar talabgorlardan arizalar qabul qilinib, tanlovlar natijasida 456 nafari g‘olib deb topildi.

Chigit ekish mavsumida mazkur 456 nafar fermer xo‘jaliklarining 23,5 ming gektar maydonida viloyat uchun rayonlashtirilgan Andijon-35, Andijon-36, Andijon-37, Sulton, O‘zPITI-202 navlari bilan birga istiqbolli O‘zPITI-201 va O‘zPITI-203 navlarining elita hamda birinchi avlodiga mansub urug‘lik chigiti ekildi. Ushbu maydonlarning 10,6 ming gektarida urug‘lik paxta terib olinishi belgilangan bo‘lib, shundan 3 ming gektari elita, 7,6 ming gektari birinchi avlodli urug‘likni tashkil qiladi.

Urug‘lik paxta maydonlarida tumanlar kesimidagi nav joylashtirilishi tahlil qilinganda viloyatning Andijon, Buloqboshi, Bo‘ston, Xo‘jaobod tumanlarida Andijon-35 navi, Baliqchi, Jalaquduq va Izboskan tumanlarida Andijon-35 va Andijon-36 navlari, Marxamat va Paxtaobod tumanlarida Andijon-36 va Andijon-37 navlari, Oltinko‘l tumanida Andijon-37 navi, Qo‘rg‘ontepa tumanida Andijon-36 navi joylashtirilgani aniqlandi.

Shuningdek, Shahrixon tumanida Davlat reyestriga kiritilgan 3 ta (Andijon-35, Sulton va O‘zPITI-202) g‘o‘za navini joylashtirish holati aniqlangan va holat yuzasidan belgilangan tartibda chora ko‘rish ishlari olib borilmoqda.

Bugungi kunda urug‘lik paxta maydonlarining 6143 gektari 3-4 chinbarg, 4449 gektari 5-6 chinbarg fazasida bo‘lib, 8512 gektar yoki 80 foiz maydonlarda chuqur yumshatish, 5715 gektar yoki 54 foiz maydonlarda birinchi marta suspenziyalash tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lsa, 564 gektar yoki 5,4 foiz maydonlarda mineral o‘g‘itlar bilan birinchi oziqlantirish tadbirlari o‘tkazilgan.

Viloyatning aksariyat tumanlaridagi urug‘lik paxta maydonlarida g‘o‘za navlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 apreldagi PQ-3683-sonli qarori talablaridan kelib chiqib joylashtirilishi, kelgusida genetik sof, yuqori mahsuldor va tolasining sifati jahon andozalari talabidagi urug‘liklar yetishtirishga zamin yaratadi.

Inspeksiya tomonidan urug‘lik paxta maydonlarida olib borilayotgan agrotexnik tadbirlarni muntazam monitoring qilib borish davom ettirilmoqda.

N.Ismailov, Urug‘lik paxta xom ashyosi chigiti

yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i,

A.Mamasoliyev, Inspeksiyaning Andijon viloyat boshqarmasi, Qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘lari yetishtirilishi va taʼminotini nazorat qilish shoʻbasi katta inspektori

Text to speech