Joriy yilning 11- fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yo‘llarda inson xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari muhokama etilib, harakat xavfsizligini taʼminlash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar belgilab berilgan edi.
Yig‘ilishdan xulosa qilingan holda, Inspeksiya organlari o‘z oldiga bir qator vazifalarni belgilab oldi. Topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli taʼminlash yuzasidan «O‘zagroinspeksiya»ning Andijon viloyat boshqarmasi, tumanlar bo‘limlari tomonidan nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.
O‘tkazilgan tadbirlar davomida texnikadan foydalanish qoidalari buzilishi yuzasidan 15 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlandi.
Xususan, Andijon shahrining Navoiy shox ko‘chasida o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida fuqaro R.H. boshqaruvida bo‘lgan «MTZ-82» rusumli traktor, Xuddi shuningdek, Oltinko‘l tumanining Qorayontoq MFY hududida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida fuqaro A.N. boshqaruvida bo‘lgan “Belarus-80” rusumli traktorlar tekshirilganda ushbu traktorlar texnik nosoz holda boshqarilayotganligi aniqlandi.
Andijon tumani hududidan o‘tuvchi m-36 avtomobil yo‘lining Nayman MFY hududida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida fuqaro I.U boshqaruvida bo‘lgan «TTZ-80-10» rusumli traktor to‘xtatib tekshirilganda texnikani tegishli hujjatlarsiz boshqarib kelinayotganligi aniqlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan MJtKning 112 va 135- moddasi bilan maʼmuriy bayonnoma tuzilib, qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalari vaqtinchalik jarima maydonchasiga qo‘yildi.
Hukumatning “Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalaridan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 325-sonli qarori ijrosini o‘z vaqtida va sifatli taʼminlash yuzasidan «O‘zagroinspeksiya»ning Andijon viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan joriy yilning o‘tgan yanvar-iyun oylari davomida 815 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib shundan 756 ta holatda qonunbuzilishi holatlari aniqlandi.
Aniqlangan huquqbuzarlik holatlari yuzasidan 409 ta holatda yozma ko‘rsatma berilgan bo‘lsa, 339 ta huquqbuzarliklarga nisbatan inspeksiya organlarining vakolat doirasida chora qo‘llanildi, 264 ta holat bo‘yicha ogohlantirishlar berildi. Yuqoridagi tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, yo‘llarda inson xavfsizligini taʼminlashdan iborat.
A. Komilov, "O‘zagroinspeksiya" Andijon viloyat boshqarmasi bosh inspektori