Har yili 20 mayda dunyo hamjamiyati Butunjahon metrologiya kunini nishonlaydi. Parijda 1875 yil 20 mayda xalqaro diplomatik konferensiya bo‘lib o‘tgan va Metrik konvensiya imzolangan. Keyinchalik ushbu kun "Butunjahon metrologiya kuni" sifatida nishonlanadi.
Metrik konvensiya bu, metrologiya bo‘yicha ilmiy faoliyat ko‘rsatuvchi birinchi xalqaro kelishuv hisoblanadi. Konvensiyaga muvofiq xalqaro ilmiy muassasa – Xalqaro o‘lchov va tarozilar byurosi (MBMV) tashkil qilinib, uning asosida xalqaro o‘lchashlar tizimi ishlaydigan metrik o‘lchovlar tizimi, so‘ng esa SI Xalqaro birliklar tizimi amalga kiritilgan. Hozirgi vaqtda Metrik konvensiyaga 57 ta davlat aʼzo hisoblanadi.
Byuro har yili Qonunlashtiruvchi metrologiya xalqaro tashkiloti bilan birgalikda bir mavzu, bir shior belgilab ish yuritadi. Bu yilgi mavzu “Aniq o‘lchashlar –sifat va xavfsizlik garovidir” deb qabul qilindi. Ushbu shior bevosita metrologiya sohasini rivojlantirish maqsadida tanlangan bo‘lib, unda belgilangan vazifalarni amalga oshirish masalalariga qaratilgan.
Metrologiya – O‘lchashlar haqidagi fandir. Metrologiya inson sivilizatsiyasi kabi, qadimiy bo‘lishiga qaramasdan, u doim o‘zgarishda davom etadi. Uning asosiy tushunchalari; o‘lchash, o‘lchash vositalari, o‘lchovlar bajarishning uslublaridir. O‘lchashlar ilmi, yana-da kengayayotgan metrologiya fanidagi yutuq va yangiliklar, ishlab chiqarish, halqaro savdo munosabatlari, tabiatni muhofaza qilish va hayot farovonligini oshirishda asosiy rolni egallaydi.
Yurtimizda, mamlakatimiz rahbarining metrologiya tizimiga bo‘lgan eʼtibori natijasida 2018 –2022 yillar davomida davlat byudjetidan 21 dona etalon xarid qilish uchun 5,8 million dollar ajratilib, milliy etalonlar bazasini 33 taga yetkazish rejalashtirildi. Ayni paytda respublikada yuqori aniqlikdagi o‘lchashlarning kuzatiluvchanligini taʼminlash maqsadida milliy etalonlar soni 9 tadan 21 taga yetkazilib, 10 ta kalibrlash laboratoriyalari tashkil etilgan. Mazkur laboratoriyalarda o‘lchash vositalari kalibrlashdan o‘tkaziladi, yaʼni o‘lchashlarning haqiqiy qiymatini aniqlash uchun ular etalon bilan solishtiriladi.
O‘zbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 28 apreldagi “2019-2023 yillar davri uchun o‘lchashlar birligini taʼminlash milliy tizimini rivojlantirish va takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 440-son qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan respublikada o‘lchash vositalarini kalibrlash xizmatini joriy etish bo‘yicha reja ishlab chiqildi.
Maʼlumki, O‘zbekiston milliy metrologiya instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 apreldagi “O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2935-sonli Qaroriga asosan tashkil topgan. Shu qisqa muddat davomida institut tomonidan aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatib kelinayotgan turli xildagi xizmatlar orqali samarali faoliyat yo‘lga qo‘yilgan.
“Metrologiya to‘g‘risida”gi ilk Qonun 1993 yilda qabul qilingan bo‘lib, bugungi kunda tez-tez tilga olinadigan texnika-texnologiya asrida ushbu hujjat metrologiya bo‘yicha xalqaro talablarga mos kelmasligi natijasida milliy akkreditatsiya tizimining xalqaro darajada tan olinishiga imkon bermayapti hamda sanoatning barcha tarmoqlarida yuqori aniqlikka erishish yo‘lida to‘siq bo‘lib qoldi.
Jumladan sanoat tarmoqlarini kalibrlash hamda ijtimoiy sohada metrologik taʼminot bo‘yicha tizim mavjud emasligi sohada qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.
2020 yil 7 aprelda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Metrologiya to‘g‘risida”gi Qonun esa yuqorida sanab o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish va mamlakatimizda metrologiya sohasining qonunchilik asoslarini yana-da mustahkamlash, uni hozirgi zamon talablari asosida rivojlantirish va bu borada istiqboldagi ustuvor vazifani belgilashga qaratilgan.
Xususan, yangi tahrirdagi qonunda rivojlangan davlatlarning sohada erishgan ijobiy natijalari inobatga olingan holda, tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Yangi tahrirdagi qonunda metrologiya sohasida faoliyat olib boruvchi subyektlar sifatida Vazirlar Mahkamasi, davlat organlari va yuridik shaxslar metrologiya xizmatlarining ushbu sohadagi vakolatlari mustahkamlandi, o‘lchash vositalarini kalibrlash bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik asosida metrologiya xizmatlari tashkil etilishi mumkinligi belgilangan. Metrologik tekshiruvni amalga oshirishda foydalaniladigan o‘lchash vositalarini qiyoslash, kalibrlash, o‘lchashlarni bajarish va sinov vositalarini attestatsiya qilish usullari kiritilgan. Shuningdek, mazkur Qonunga “qadoqlangan tovar” termini kiritilib, davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati “qadoqlangan tovarlar” deb nomlangan yangi obyekt bilan, shuningdek qadoqlash va sotishda ularning miqdori ustidan davlat metrologiya nazoratini tartibga soladigan yangi modda bilan to‘ldirilgan.
Agroinspeksiyaning Meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiya bo‘limi