Maʼlumki, viloyat va tumanlarda tashkil etilgan “Arbitraj guruhlari”ning asosiy vazifasi paxta qabul qilish maskanida 2021 yil paxta hosilini sifat ko‘rsatkichlari va konditsion vazni bo‘yicha qabul qilib olishda laboratoriya tahlillari shaffofligini taʼminlash hisoblanadi. Bu esa ancha murakkab va jiddiy jarayon bo‘lib, guruhga biriktirilgan har bir vakildan ham nazariy va ham amaliy bilimni talab etadi. Chunki fermer va paxta qabul qiluvchi tomon “Arbitraj guruhlari” vakillari ishtirokidagi tahlillaridan norozi bo‘lmasligi zarur.
Shu maqsadda Navoiy viloyati Karmana tumanidagi “Baxt tekstil” MCHJga qarashli Alisher Navoiy nomli paxta qabul qilish maskanida Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi boshlig‘i Abdurazoq Narziyev tashabbusi bilan boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Farhod Ubaydullayev boshchiligida viloyat va tumanlardagi agroinspeksiya xodimlari biriktirilgan “Arbitraj guruhlari” uchun navbatdagi o‘quv amaliy seminar tadbiri tashkil etildi. Unda masʼul vakillar bilan birga Inspeksiya viloyat boshqarmasi hamda Xatirchi, Qiziltepa, Karmana, Navbahor, Konimex tuman bo‘limlarining paxta xomashyosi, don, urug‘lar va ularni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni hamda qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishi va taʼminotini nazorat qilish bo‘limlari xodimlari ishtirok etdi.
Seminarning diqqatga sazovor jihati, o‘tgan galdan farqli o‘laroq, “Arbitraj guruhlari”ga biriktirilgan Inspeksiya viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlarining har biri nazariy bilimlarini amaliyotda mustaqil sinab ko‘rish imkoniga ega bo‘lishdi. Jumladan, ular laboratoriyadagi paxta namligi va iflosligini aniqlashda laboratoriya jihozlari va o‘lchov vositalaridan o‘zlari foydalanib, tahlillar o‘tkazishdi. Bu borada ularga Ispeksiya viloyat boshqarmasi bosh inspektori Ulug‘bek Yusupov va maskan laboratoriya mudiri Risolat Davlatova tomonidan zarur tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, seminar davomida agroinspeksiya tuman bo‘limlari xodimlari uchun test sinovlari ham tashkil etilib, ularning nazariy va amaliy bilimi qay darajada ekanligi o‘rganildi.
- Bugungi tadbirda tajriba va malakamizni sinovdan o‘tkazish imkoniyati yaratilganidan xursand bo‘ldik, - deydi seminar ishtirokchisi, Inspeksiya Qiziltepa tuman bo‘limi katta inspektori Mirpo‘lat Mardiyev. – Chunki sinov jarayonida ayrim bilmaganlarimizni yana o‘rgandik, o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob oldik. Test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tdim. Tuman “Arbitraj guruhi” vakili sifatida mavsum davomida paxta qabul qilish jarayonlarida chegirmalarning adolatli qo‘llanishi hamda laboratoriya tahlillarini shaffof o‘tishiga hissa qo‘shaman, degan umiddaman.
Seminar yakunida test sinovlari natijalari tahlil qilinib, ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga masʼul mutaxassislar tomonidan zarur maslahat va tavsiyalar berildi.
“O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi Axborot xizmati