Ру Ўз O`z En

“ARBITRAJ GURUH”LARI: HAQQONIYLIK VA SHAFFOFLIK BOSH MEZON BO‘LISHI LOZIM

16 Sentyabr 2021 1564

Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi “Navbahor tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli  paxta qabul qilish maskanida 2021 - yil paxta hosilini sifat ko‘rsatkichlari va konditsion vazni bo‘yicha qabul qilib olishda viloyat va tuman arbitraj guruhlarining vazifalari hamda laboratoriya tahlillarini shaffofligini taʼminlash yuzasidan o‘quv amaliy seminari bo‘lib o‘tdi.

Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Abdurazoq Narziyev, boshqarmaning tegishli tarkibiy tarmoq inspektorlari, tuman bo‘lim boshliqlari, katta inspektorlari, shuningdek, “Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi” DUK viloyat hududiy filiali rahbari va xodimlari, “Navbahor tekstil” hamda “Baxt tekstil” MCHJ mutaxassislari hamda barcha masʼul vakillar ishtirok etishdi.

Seminarda joriy yilgi paxta hosilini uyushqoqlik bilan nes-nobud qilmasdan o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib-terib olish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar to‘g‘risida so‘z bordi. Xususan, 2021 - yil paxta hosilini qabul qilishda paxta qabul qilish maskanlari tomonidan fermer xo‘jaliklaridan qabul qilib olinayotgan paxta xom-ashyosining sifati, navi va namligi bo‘yicha laboratoriya tekshiruvlari to‘g‘ri o‘tkazilishi, urug‘lik yetishtiruvchi xo‘jaliklarda yetishtirilgan urug‘lik paxtani belgilangan davlat standartlari asosida qabul qilishining nazorati to‘g‘risida gapirildi. Ayni jarayonda qator daxldor tashkilotlar vakillaridan iborat “O‘zagroinspeksiyaning tuman bo‘limlari rahbarligida tuzilgan “Arbitraj guruhi”ning zimmasiga katta masʼuliyat yuklanishi alohida taʼkidlandi. 

-     “Arbitraj guruh”lari aʼzolari 2021 - yil paxta hosilini qabul qilishda paxta qabul qilish maskanlari tomonidan fermer xo‘jaliklaridan qabul qilib olinayotgan paxta xom-ashyosining sifati, navi va namligi bo‘yicha laboratoriya tekshiruvlari to‘g‘ri o‘tkazilishini taʼminlashlari lozim bo‘ladi,- deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi paxta xomashyosi, don, urug‘lar va ularni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi bosh inspektori Nozim Rahmatullayev. – Seminarda paxtani qabul qilish va undan namuna olish, hosil sifatini aniqlash hamda ushbu jarayonlarda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan muammoli vaziyatlarni bartaraf etish bo‘yicha yig‘ilganlarga batafsil tushuncha berildi. Bu “Arbitraj guruhi” aʼzolarining amaliy bilim va malakasini oshirish bilan birga fermer va paxta qabul qiluvchi korxona o‘rtasidagi muammoli vaziyatlarni oqilona hamda shaffoflik bilan hal etilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

-   Mazkur o‘quv-amaliy seminarda laboratoriya tahlillarini amalda qo‘llaganimiz bu boradagi tajribamiz oshishiga xizmat qildi, - deydi Inspeksiyaning Karmana tuman bo‘limi katta inspektori Asqar Mirzoyev. – Ham nazariy, ham amaliy bilimga ega bo‘ldik. Bu esa joylardagi barcha “Arbitraj guruh”larining faoliyati haqqoniy va to‘g‘ri bo‘lishini taʼminlaydi.

O‘quv amaliy seminari yakunida ishtirokchilarga 2021 - yil paxta hosilini qabul qilishda qimmatbaho xomashyoning sifati va miqdorini aniqlash, nizoli holatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari, paxta to‘qimachilik klasterlari tayyorlov maskanlari xodimlari hamda “O‘zagroinspeksiyaning inspektorlariga tavsiyalarni o‘z ichiga olgan metodik qo‘llanmalar tarqatildi. 

Shuningdek, tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.

 

O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmati

Text to speech