Ру Ўз O`z En

Avgust oyida g‘o‘za parvarishida bajariladigan tadbirlar belgilanmoqda

24 Avgust 2021 2044

G‘o‘za maydonlarida to‘plangan hosil miqdorini chamalash (aprobatsiya) ni o‘tkazishdan maqsad, bugungi kungacha g‘o‘za parvarishida olib borilgan agrotexnik tadbirlarning samarasini aniqlash hamda avgust oyida amalga oshiriladigan tadbirlar ko‘lamini belgilashdan iborat.

Kutilayotgan dastlabki hosilni aniqlash (chamalash) jarayonlarini o‘tkazish tadbiri g‘o‘za maydonlarining ekish sxemalaridan kelib chiqib, amalga oshiriladi. O‘rtacha hosil elementlari sonini aniqlashda dala konturining katta-kichikligiga qarab, diagonal bo‘ylab 4 ta joydan namunalar tanlab olinadi.

Birinchi hisobga olinadigan namunani qatorni boshlanishidan yoki dala chetidan emas, balki dalaning 20-30 metr ichkari qismidan olish lozim bo‘ladi. Dalaning diagonali bo‘ylab 4 ta joydan olingan namunalarning o‘rtacha ko‘rsatkichi chiqarilib, har 1 gektar maydonda necha dona ko‘sak shakllanganligi aniqlanadi.

 Shuningdek, g‘o‘za navlari biologiyasiga ko‘ra, Buxoro navlari ekilgan maydonlarda 1 dona ko‘sakdagi paxtaning og‘irligini o‘rtacha 3,5 gramm, boshqa g‘o‘za navlarida o‘rtacha 3 gramm va ingichka tolali g‘o‘za navlarida o‘rtacha 2,5 gramm meʼyorda hisobga olinadi.

Masalan, “Sulton” navi ekilgan 1 gektar maydonda o‘rtacha 730 ming dona ko‘sak shakllangan bo‘lsa, avgust oyida kamida yana 450-500 ming dona ko‘sak olish bo‘yicha ishlashimizga to‘g‘ri keladi. Sanab chiqilgan oq va qizil gul hamda shona soni avgust oyida qo‘shimcha ko‘sak shakllanishi bashoratini beradi.

G‘o‘zada to‘plangan hosilni chamalash yoki aniqlash tadbirini o‘tkazish tartibi quyidagicha amalga oshiriladi.

Hosilni chamalash ishlari joylarda bevosita paxtachilik fermer xo‘jaliklari yoki klasterlarning masʼul xodimlari, agronomlari tomonidan amalga oshiriladi. Buning uchun, Inspeksiyaning tumanlar bo‘limlari inspektorlari hududlarni bo‘lib olib, “qo‘llanma” va “namunadagi jadval”ni har bir fermer va klaster korxonasi masʼul xodimiga shaxsan yetkazib, o‘tkazish tartibi bo‘yicha tushuncha berishadi. Paxtachilik fermer xo‘jaliklari va klasterlar rahbarlari, ushbu tadbirga masʼul xodimlari, agronomlarni jalb etib, yuqorida aytib o‘tilgan qoidalarga amal qilgan holda g‘o‘za maydonlarida chamalash ishlarini o‘tkazishmoqda.

Maʼlumot o‘rnida: Joriy yilda viloyatda 75 ming 356 gektar yerga chigit ekilgan bo‘lib, 2021 yilning 28 iyul holatiga ko‘ra, 12 ming 950 gektar yer maydonidagi g‘o‘zalarda 11-12 ta ko‘sak mavjud. Bir kunda 11 ming 255 nafar ishchilar bilan 2 ming 364 gektar maydondagi g‘o‘zalarni chilpish ishlari amalga oshirilmoqda.

 

Bektosh Rahmonqulov

Agroinspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi

katta inspektori

Text to speech