Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishish va dehqonchilik madaniyatini oshirish uchun qator agrotexnik tadbirlarni, jumladan o‘simliklarni zararkunanda hamda kasalliklardan himoya qilishni ilmiy asoslangan holda o‘tkazishni talab etadi.
Qishloq xo‘jaligi ekinlarini zararkunanda va kasalliklardan himoya qilishda biologik usulning ahamiyati beqiyos. Bu usul tabiatdagi kushandalardan unumli foydalanish (qirib yubormaslik, ekinlar orasiga entomofaglarni jalb qiluvchi o‘simliklar ekish), trixogramma, brakon va oltinko‘z kabi entomofaglarni biolaboratoriyalarda ko‘paytirib, dalaga mavsumiy chiqarish hamda mikroorganizmlar asosida yaratilgan biopreparatlar qo‘llashga asoslangan.
Mamlakatimiz olimlari tomonidan g‘o‘zani biologik usulda himoya qilishning iqtisodiy, biologik va ekologik afzalliklari bilan ajralib turuvchi tizimi yaratilgan.
Ammo, ayrim biolaboratoriyalarda biomahsulotlarni ko‘paytirishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, ularning sifatiga eʼtibor berilmasligi, dalaga tarqatishdagi xatoliklar natijasida bu usuldan samarasiz foydalanish holatlari uchrab turibdi. Xususan, dalaga tarqatilgan biomahsulotlarning natijasi ko‘rinmayotganining asosiy sabablaridan biri, joylarda foydali hasharotlarning avlodini yangilash ishlariga eʼtibor berilmayotganidir. Biolaboratoriyalarda ko‘paytirilayotgan biomahsulotlarning mahsuldorligini oshirish, sifatini yaxshilash va zararkunandalarga qarshi samarali taʼsir ko‘rsatishini taʼminlash uchun biomahsulotlar avlodini yangilash muhim ahamiyatga ega.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2021 yil hosili uchun ekilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarida biologik usulni keng qo‘llash maqsadida bugungi kunda tumanlarda 66 ta biolaboratoriyalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu biolaboratoriyalarda 760 kg Trixogramma, 350 mln. dona brakon, 398 mln. dona oltinko‘z biomahsulotlari ko‘paytirilishi reja qilingan. Qish mavsumida biolaboratoriya xonalarini isitish, biomahsulotlar ko‘paytirish uchun optimal haroratni ushlab turish, ko‘paytirilayotgan va diapauzaga qo‘yilgan biomahsulotlarni qishdan betalofat olib chiqish, ozuqa hamda isitish mahsulotlari zaxirasini yaratish kabi talablarni o‘z vaqtida amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Mazkur talablarga qay darajada rioya etilayotganini o‘rganish maqsadida Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi Meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiya bo‘limi tomonidan tizimli monitoring nazorat tadbirlari amalga oshirilib, mavjud kamchiliklar bartaraf qilinishi taʼminlanmoqda.
Jumladan biomahsulotlar ko‘paytirish uchun eng asosiy ozuqa mahsulotlari zaxirasini yaratish, qishloq xo‘jaligi ekinlarining zararkunandalariga qarshi biologik usulda kurashishga puxta tayyorgarlik ko‘rishni taʼminlash uchun tegishli tashkilot va biolaboratoriyalarga amaliy yordamlar, ko‘rsatmalar va tavfsiyalar berildi.
Shuningdek Meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiya bo‘limi tomonidan Taxiyatosh, Sho‘manay va Qo‘ng‘irot tumanlarida faoliyat yuritayotgan biolaboratoriyalarda o‘tkazilgan tekshiruvda o‘lchov va sinov asbob-uskunalarini davlat qiyoslovidan o‘tkazmagan holda foydalanib kelayotganligi holatlari aniqlanib, inspeksiya vakolatlari doirasida 10 nafar biolaboratoriya rahbarlariga nisbatan maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli bandlariga asosan hujjatlar rasmiylashtirilib, belgilangan tartibda jinoiy sudlarga yuborildi.
Qoziyev Akbar Saparboyevich, Meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiya bo‘limi bosh inspektori