Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni nazorat qilish sohasida To‘raqo‘rg‘on tumanida Inspeksiya tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023-yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ 5005-sonli Qarorining 9-bandida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga bir qator masʼul tashkilot va idoralar bilan birgalikda suv tanqisligi sharoitida ekinlarni ko‘llatib sug‘orish va suvni zovurga tashlab qo‘yishning har bir holatini “favqulodda holat” sifatida baholab, suvdan maqsadli va tejamli foydalanish, suv isteʼmoli tartibiga qatʼiy rioya etilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish hamda suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibini buzganlarga nisbatan keskin choralar ko‘rib borish vazifasi yuklatilgan.
Qaror talablari ijrosini taʼminlash maqsadida Inspeksiyaning To‘raqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga rioya etilishi ustidan doimiy nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Xususan, 2021 yilni o‘tgan davri mobaynida 53 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilib, shundan 85 ta holatda qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Misol uchun, To‘raqo‘rg‘on tumanida belgilangan tartibda o‘tkazilgan tekshirishlarda tumandagi "Fozilbek Abduxodiyev" fermer xo‘jaligi tomonidan g‘o‘za maydoni, "Oltin vodiy iftixori" fermer xo‘jaligi tomonidan esa g‘alla maydonini sug‘orishda dalada suv qarovsiz qoldirilganligi sababli, ekin maydonlari ko‘llatib yuborilib, ortiqcha suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘yilgan.
Bundan tashqari, 42 nafar suv isteʼmolchilari tomonidan nasos agregatlarining bosimli quvuri, shuningdek, irrigatsiya kanallarida o‘zboshimchalik bilan suv olish joylari ochib olinib, O‘zbekiston Respublikasining “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi to‘g‘risida”gi Nizomi talablari buzilganligi aniqlandi.
Yuqoridagi kabi suv isteʼmolchilariga nisbatan jami 49 ta 12 mln 206 ming so‘mlik maʼmuriy, 32 ta 2 mln 725 ming so‘mlik moliyaviy jarima sanksiyalari qo‘llanildi. 5 ta material tegishliligi bo‘yicha ko‘rib chiqishlik uchun Sudlarga taqdim etildi.
Shuningdek, suv xo‘jaligi tashkilotlari hisobidagi gidrotexnika inshootlari, nasos agregatlari, suvni boshqarish va hisoblash qurilmalari nosozligi va ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli suv xo‘jaligi tashkilotlariga 4 ta taqdimnoma, 5 ta yozma ko‘rsatmalar kiritilgan.
O‘z navbatida, huquqbuzarlik sodir etilishining erta oldini olish maqsadida 37 ta suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilariga rasman ogohlantirish xatlari berilgan. Bu borada nazorat tadbirlar davom ettirilmoqda.
R. Qo‘ziyev, Inspeksiyaning To‘raqo‘rg‘on tumani bo‘limi katta inspektori