Ру Ўз O`z En

BOSHOQLI DON YETISHTIRISHDAGI BOSHBOSHDOQLIKLAR

21 Iyun 2021 2115

Xalqimizda “Sara urug‘ – mo‘l hosil garovi” degan gap bor. Biror bir mahsulotni yetishtirishda o‘sha hududning ob-havo, tuproq, suv sharoitlari, o‘tkazilgan agrotexnik tadbirlar bilan bir qatorda, tanlangan urug‘ning sifati ham nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, boshoqli don ekinlari yetishtirishda hosildorlik ko‘p jihatdan tanlangan urug‘likning sifatiga bog‘liq bo‘ladi.

Shundan kelib chiqqan holda mamlakatimizda boshoqli don urug‘chiligini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilgan. Bu borada ko‘plab ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Har bir hududning iqlim sharoiti hisobga olingan holda, belgilangan meʼyorlar asosida urug‘lik don yetishtirish tizimlari yo‘lga qo‘yilgan.

Ammo, sohani rivojlantirish borasida qilinayotgan ishlarga qaramay, kamchiliklar ham oz emas. Inspeksiyaning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari jarayonida hududda urug‘lik don yetishtirish bilan bog‘liq ko‘plab qonunbuzilishlar qayd etildi.

Misol uchun, Adliya vazirligi tomonidan 2016 yil 17 fevralda ro‘yxatdan o‘tkazilgan Nizom hamda boshqa tegishli meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga asosan, har bir hududda urug‘lik don yetishtirishga daʼvogar bo‘lgan fermer xo‘jaliklari o‘rtasida tender tanlovi o‘tkazilib, tender komissiyasi tomonidan belgilangan mezonlar asosida ularning imkoniyati o‘rganib chiqilishi va tanlov g‘oliblari bilangina urug‘lik don yetishtirish bo‘yicha shartnomalar tuzilishi lozim. Bunda tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i raisligidagi komissiya aʼzolari tomonidan har bir ishtirokchining yig‘ma jildlarini shakllantirilib, kim nima uchun g‘olib bo‘lgani haqidagi yoki aksincha kimga nima sababidan past ball qo‘yilgani haqidagi xulosalar tegishli hujjatlarda qayd etilishi shart.

Ammo Yakkabog‘ tumanida bu boradagi mavjud holat o‘rganilganida, tender tanlovi belgilangan mezonlar asosida sifatli o‘tkazilmagani, tegishli hujjatlar shakllantirilmasdan turib urug‘lik don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari bilan shartnomalar imzolangani aniqlandi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi va viloyat hokimining tegishli qarorlari bilan Yakkabog‘ tumanida 2021 yil hosili uchun suvli maydonlarda kuzgi boshoqli don ekinlarining rayonlashgan 4 ta, yaʼni, “Alekseyeich”, “Tanya”, “Yuka” va “Grom” navlari joylashtirilishi aniq belgilab berilgan bo‘lsa-da, tumanda “Grom”, “Bunyodkor”, “Tanya”, “Krasnodarskaya-99”, “G‘ozg‘on”, “Alekseyeich”, “Pervitsa”, “Yaksart”, “Bobur”, “Kroshka”, “Hisorak” kabi navlar ekilgan.

Bu bilan mutasaddilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 apreldagi tegishli qarori talablarini ham buzgan. Yaʼni, mazkur qarorda 2018 yil 1 sentyabrdan bitta viloyatda o‘ntadan ko‘p, bitta tumanda beshtadan ko‘p boshoqli don ekinlarining rayonlashtirilgan navlarini joylashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi aniq belgilab qo‘yilgan. Yakkabog‘ tumanida esa ushbu tartibga umuman amal qilinmagan holda, 11 ta rayonlashtirilgan boshoqli don ekinlari ekilgani ajablanarli.

xuddi shunday holat Koson va Nishon tumanlarida ham kuzatildi. Misol uchun, Koson tumanida 5 ta o‘rniga 12 ta, Nishon tumanida esa 11 ta nav ekilgan.

Vaholanki, Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi tomonidan 2020 yil 14 iyul sanasida viloyat Qishloq xo‘jaligi boshqarmasiga 2021 yil hosili uchun tender tanlovlarini sifatli va belgilangan talablarga muvofiq o‘tkazish to‘g‘risida yozma ko‘rsatma hamda 2020 yil 11 sentyabr sanasida boshoqli don ekinlari navlarini tegishli meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda ko‘zda tutilgan tartibda joylashtirish bo‘yicha ogohlantirish xatlari berilgan edi. Masʼul rahbarlar esa baribir o‘z bilganicha ish ko‘rishgan.

Ayni vaqtga qadar O‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi tomonidan mazkur tumanlar qishloq xo‘jaligi bo‘limi rahbarlari hamda viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘iga nisbatan maʼmuriy jazo choralari qo‘llanildi. Bu boradagi o‘rganishlar davom etmoqda.

 

Odil MAHMUDOV, “O‘zagroinspeksiya” Qashqadaryo viloyat boshqarmasi maʼmuriy amaliyot bo‘limi bosh inspektori

Text to speech