Ру Ўз O`z En

Chiroqchi: 56 ta holatda suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘yilgan

1 Mart 2022 1871

Suv - tiriklik manbai, unumdorlik va mo‘l-hosil garovidir. Shunday ekan suvni asrab-avaylash, uning har tomchisidan unumli foydalanish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik nihoyatda zarurdir.

Inspeksiyaning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan joylarda Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risidagi Qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan nazorat o‘rnatilgan va doimiy monitoring tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Jumladan, tumanlardagi baʼzi mutasaddilar va fermerlar masʼuliyatni his qilmayotgani oqibatida suvdan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, uni zovurlarga tashlab qo‘yish, ko‘llatib sug‘orish kabi noxush holatlarga duch kelinmoqda.

Xususan, Chiroqchi tumanida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanish sohasida fevral oyida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 56 ta holatda shu kabi isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Shundan 42 ta holatda ekin maydonlarini ko‘llatib sug‘orish, 4 ta holatda suvni kollektor-drenaj tarmoqlariga oqizish, 10 ta holatda shartnomasiz suvdan foydalanganligi aniqlangan.

Shuningdek, Chiroqchi tumani eski anhor Irrigatsiya tizimlari boshqarmasiga qarashli bo‘lgan Sandal kanalining PK 209 dan PK 300 gacha bo‘lgan qismiga masʼul bo‘lgan xodimlar tomonidan mazkur hudud nazoratsiz qoldirilganligi natijasida suv isrofgarchiligiga yo‘l quyilgan. Mazkur holat yuzasidan masʼullarga o‘ziga biriktirilgan vazifani lozim darajada bajarmaganligi sababli Inspeksiya organlari tomonidan MJtKning tegishli moddasiga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

O‘z navbatida, tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbariga maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan choralar ko‘rish to‘g‘risida  23 ta yozma ko‘rsatma va taqdimnomalar kiritildi.

Bundan tashqari, huquqbuzarlik sodir etilishini erta oldini olish maqsadida 65 ta suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilariga rasman ogohlantirishlar berildi.

Bugungi kunda nazorat tadbirlari belgilangan tartibda o‘tkazilib kelinmoqda.

Maʼruf Axmedov, “O‘zagroinspeksiya” Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tuman bo‘limi katta inspektori

 

Text to speech