Bugungi kunda yaylovlar kamayib, chorvachilik mahsulotlariga talab kuchayib borayotgan bir davrda sigir va qochirish yoshidagi tanalarni sunʼiy urug‘lantirish orqali chorva mollari naslini yaxshilash - sohaga innovatsion texnologiyalarni jalb qilish sohada eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Bu boradagi ishlarni rivojlantirish maqsadida ayni damda Qamashi tumanida 21 ta veterinariya shahobchalari va "Chorvanasl" markazi tuman vakilligidan jalb qilingan mutaxassislar tomonidan aholi va fermer xo‘jaliklaridagi sigir va qochirish yoshidagi tanalarni sunʼiy urug‘lantirish bo‘yicha servis xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.
Tumanda nomzod naslchilik xo‘jaliklaridagi naslli mollarni mahsuldorlik ko‘rsatkichlarini oddiy fermer xo‘jaliklarida parvarishlanayotgan qoramollar bilan farqini statistik maʼlumotlar asosida ham taqqoslash mumkin bo‘ladi.
2021 - yilning yanvar holatiga tumanda 76 ta chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari faoliyat yuritib, ularda 1300 bosh qoramol, shundan 550 bosh sigirlar parvarish qilinmoqda.
Shu bilan birga, tumanda 3 ta nomzod naslchilik xo‘jaliklarda 370 bosh simmental, qora-ola, qizil-cho‘l, shvis, zotli sigirlar parvarishlanib, o‘tgan yilda har bir nasldor sigirdan o‘rtacha 2500 kilogrammdan sut sog‘ib olinishiga erishildi. Har bir sigirdan laktatsiya davomida (305 kun) o‘rtacha 3500 kilogrammdan ziyod sut sog‘ib olgan, tumandagi "Murodov Raxmatilla Mavlonovich" masʼuliyati cheklangan jamiyati va "Bobur Murodaliyevich" masʼuliyati cheklangan jamiyati kabi ilg‘or xo‘jaliklar ham mavjud.
Joriy yilda "O‘zagroinspeksiya"ning Qamashi tuman bo‘limining chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish inspektori tomonidan nomzod naslchilik xo‘jaliklari hamda chetdan naslli qoramol olib kelgan xo‘jaliklarda naslchilik resurslarini yaratish, saqlash, takror ko‘paytirish va ulardan oqilona foydalanish, nasldor chorva mollar podalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi, seleksiya jarayonida foydalaniladigan naslchilik resurslarini kelib chiqishi, mahsuldorligi, turi va boshqa sifatlari bo‘yicha baholanishining ishonchli ro‘yxatga olinishini taʼminlash, naslli mahsulotning baholanishi va nasl sifatini tasdiqlovchi birlamchi zootexnikaviy hujjatlarini to‘liq yuritilishi ustidan 5 ta tekshirish va 76 ta monitoring tadbirlari o‘tkazilgan.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli korxona va fermer xo‘jaliklariga 46 ta yozma ko‘rsatma, 2 ta taqdimnoma va 65 ta ogohlantiruvlar berilib, 4 ta qonunbuzilishi holati bo‘yicha tegishli chora ko‘rishlik uchun hujjatlar tuman sudiga yuborildi.
Shuningdek, "O‘zagroinspeksiya"ning Qamashi tuman bo‘limi xodimi tomonidan sohada Qonun ustuvorligini taʼminlash, chorvachilik xo‘jaliklariga belgilangan tartibda ozuqa maydonlari ajratilishi va ulardan samarali foydalanish, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilik yo‘nalishlarida yangi loyihalarni amalga oshirilishi hamda chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan hududiy dasturlarining, naslchilik ishlarini isloh qilish bilan bog‘liq qismlarini ijrosi ustidan qattiq nazorat tadbirlari amalga oshirilib borilmoqda.
Kelgusida ushbu amaliy tadbirlarini bajarilishi natijasida aholini go‘sht va sut mahsulotlari bilan taʼminlanishida o‘z hissalarini qo‘shmoqda.
Abror MUSAYEV, "O‘zagroinspeksiya"ning Qamashi tuman bo‘limi katta inspektori