Ру Ўз O`z En

CHORVACHILIK SOHASIDA 72 TA QONUNBUZILISH ANIQLANDI

27 Iyul 2022 1522

Mamlakatimizda qorako‘lchilik tarmog‘ida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, naslchilik ishlarini takomillashtirish orqali sifatli qorako‘l teri yetishtirish, cho‘l ozuqabop ekinlar urug‘chiligi maydonlarini tashkil etish va yaylovlar hosildorligini oshirish hamda qorako‘lchilik subyektlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida so‘nggi yillarda bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Navoiy viloyatining olis tumanlaridan biri bo‘lgan asosan chorvachilikka ixtisoslashgan Tomdi tumanida ham bu borada tegishli vazifalar bajarib kelinyapti.

Xususan, naslchilik ishlarini yana-da takomillashtirish, cho‘l yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi maydonlarini kengaytirish, sohada eksportbop qorako‘l va qorako‘lcha teri yetishtirish, mahsulotlarni chuqur qayta ishlash va xom ashyolardan tibbiyot maqsadlari yo‘lida faoliyat olib borilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining tuman bo‘limi tomonidan mazkur vazifalarni sifatli amalga oshirishda bir qator profilaktik va nazorat tadbilari o‘tkazilib kelinmoqda.

Maʼlumot o‘rnida keltirish joiz, hozirgi kunda tumanda jami 238 ta subyektlar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, shundan 2 tasi qoramolchilik,

201 tasi qo‘ychilik, 25 tasi yilqichilik, 10 tasi tuyachilik va yana 2 tasi parrandachilik yo‘nalishidagi subyektlardir.

Joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida tumanda chorvachilik yo‘nalishida qator nazorat tadbirlari o‘tkazildi, - deydi “O‘zagroinspeksiya” Tomdi tuman bo‘limi chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish bo‘limi katta inspektori Aʼzam Saidov.

Jumladan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 72 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilib, 72 ta qonunbuzilish aniqlandi. Kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida fermer xo‘jalik va masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbarlariga 67 ta holatda yozma ko‘rsatma, 130 ta ogohlantiruvlar berildi.

Bundan tashqari, tumanda faoliyat yuritayotgan 5 ta ko‘ychilik fermer xo‘jaliklarida tekshirishlar o‘tkazildi.

Xususan, “Simbat-Nurshat”, “Resdaulet”, Buribay-quduq”, “Darxan-2019” MCHJlarda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 19 fevraldagi “Naslchilik xo‘jaliklari maqomini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 100-son qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 fevraldagi “Qorako‘lchilik tarmog‘ini yana-da rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4984-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 sentyabrdagi “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash tartibi to‘g‘risida”gi 748-sonli qarori ijrosi taʼminlanishi yuzasidan tekshirish o‘tkazilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.

Shuningdek, Tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limining “Kerizbulaq” veterinariya uchastkasida Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 iyundagi 532-son qarori ijrosi yuzasidan tekshirish o‘tkazilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan taqdimnoma kiritildi.

Inspeksiyaning Tomdi tuman bo‘limi tomonidan sohaga oid Qonun, qaror va boshqa hujjatlar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli taʼminlash ustidan qatʼiy nazorat o‘rnatilgan.

 

  

Zulfiya Boboyeva, “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi

matbuot xizmati rahbari

Text to speech