Xatirchi tumanida 128 ta chorvachilik subyekti mavjud bo‘lib, shundan 29 tasi qoramolchilik, 25 tasi qo‘ychilik, 36 tasi echkichilik, 31 tasi baliqchilik, 7 tasi parrandachilik xo‘jaliklariga to‘g‘ri keladi.
Joriy yilning o‘tgan yanvar-sentyabr oylari davomida "O‘zagroinspeksiya"ning tuman bo‘limi tomonidan 161 ta nazorat tadbirlari, - shundan 148 ta monitoring va 13 ta tekshirishlar o‘tkazildi.
Xususan, avgust oyida Inspeksiya tuman bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 iyuldagi 575-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari ijrosini taʼminlash va O‘zbekiston Respublikasining 1995 yil 21 dekabrdagi “Naslchilik to‘g‘risida” gi Qonun ijrosi va naslchilik resurslarini yaxshilanishi, saqlanishi, takror ko‘paytirilishi va ulardan oqilona foydalanishi hamda Vazirlar Mahkamasining “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash tartibi to‘g‘risida”gi 2017 yil 22 sentyabrdagi 748-sonli qaror ijrosi yuzasidan tumandagi “Albiyon-2019” naslchilik maqomiga ega qoramolchilik yo‘nalishidagi masʼuliyati cheklangan jamiyatida tekshirish o‘tkazildi.
Mazkur MCHJda 31 bosh yirik shoxli mollar mavjud bo‘lib, shundan, 24 bosh qora-ola zotiga mansub sigirlar parvarish qilib kelinayotgan bo‘lgan. Tekshirish davomida “Naslchilik to‘g‘risida”gi Qonun hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosi va talablari buzilayotganligi maʼlum bo‘ldi. Jumladan, chorvachilik fermasiga kirish joyida deʼzto‘siq, deʼzto‘shamalar tashkil etilmagan, veterinariya-sanitariya qoidalariga amal qilinmagan.
Xo‘jalikda sigirlarni sunʼiy urug‘lantirish punkti tashkil etilmagan, Xatirchi tuman “Chorvanasl” markazi bilan naslli buqalar urug‘lari sotib olish uchun shartnoma tuzilmagan, naslli buqalar urug‘lari olinmagan.
Xo‘jalikda veterinariya va sanitariya talablariga to‘liq rioya qilinmasligi hamda epizotik barqarorlikni doimiy ravishda taʼminlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmaganligi aniqlandi.
Shu bilan birga, “Naslchilik to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasida nazarda tutilgan naslchilik hisob-kitoblari va hujjatlari, shuningdek, naslli mollar mahsuldorligi hisob-kitobi yuritilishi, 19-moddasida keltirilgan nasldor hayvondan foydalanish shartlari talablari buzilishi ham yo‘l qo‘yilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 sentyabrdagi “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 748-sonli qarorining ijrosi talablari ham bajarilmagan.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan “Albiyon-2019” qoramolchilik yo‘nalishidagi naslchilik maqomiga ega MCHJ rahbariga nisbatan qonunbuzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan, shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi.
Sentyabr oyida 20 ta nazorat tadbirlari o‘tkazgan, shundan 2 tasini tekshirishlar tashkil etadi, jumladan, 3 mingga yaqin broyler jo‘ja parvarish qilinayotgan “Taraqqiyot 99” oilaviy korxonasi faoliyati tekshirilganda naslchilik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilmasligi aniqlandi va mazkur korxona rahbari nomiga aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan ularning oldini olish va bartaraf etish maqsadida taqdimnomalar kiritilishi taʼminlandi.
Maʼlumot o‘rnida keltirish joiz, Inspeksiyaning tuman bo‘limi chorvachiliklar naslchilik ishini nazorat qilish bo‘limi tomonidan joriy yilning yanvar-sentyabr oylari davomida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida 157 ta qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Natijada masʼul shaxslarga 40 ta ogohlantirish, 142 ta yozma ko‘rsatma berilgan. 10 ta holatda aniqlangan kamchilik yuzasidan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Z. Boboyeva, “O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi