Ру Ўз O`z En

Chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish - davr talabi

10 Avgust 2022 1695

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 16.03.2017 yildagi “Chorvachilikda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2841-sonli va 18.03.2019 yildagi “Chorvachilik tarmog‘ini yana-da rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4243-sonli hamda Vazirlar Mahkamasining 22.09.2017 yildagi 748-sonli qarorlari ijrosini, shuningdek, Prezidentimizning 2021 yil 1-2 iyun kunlari vohamizga tashrifi chog‘ida, vohaning сhorvachilik sohasiga ham alohida eʼtibor berib, aholini go‘sht, sut va tuxum mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘laroq qondirish maqsadida Surxondaryo viloyatida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, 2022 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida barcha toifadagi xo‘jaliklarda yirik shoxli mollar bosh soni 1 023,6 ming boshni yoki o‘tgan yilga nisbatan 103 % o‘sgan.

Shundan, sigirlar 396,3 ming boshga yoki 102,8 foizga, qo‘y va echkilar2 478,7 ming boshga yoki 102,4 foizga, otlar 15 436 boshga yoki 104,6 foizga, parrandalar 5 079,7 ming boshga yoki 103,6 foizga ko‘payishiga erishilganligi bilan ahamiyatlidir.

Surxondaryo viloyatida joriy yilda Chorvachilikni rivojlantirish uchun jami 155 ta chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va quyonchilik loyihalari amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yilning 7 oyi davomida jami 108 ta loyihalar amalga oshirildi.

Jumladan, qoramolchilik bo‘yicha 26 ta loyihadan 14 tasi yoki 64 foizi, qo‘y va echkilik bo‘yicha 74 ta loyihadan 65 tasi yoki 88 foizi, parrandachilik bo‘yicha 22 ta loyihadan 11 tasi yoki 50 foizi, baliqchilik yo‘nalishida 14 ta loyihadan 11 tasi yoki 78 foizi, quyonchilik yo‘nalishida 2 ta loyihadan 1 tasi 50 foizi, sut va go‘shtni qayta ishlash yo‘nalishida 7 ta loyihalardan 5 tasi yoki 71 foizi va omuxta yem mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishida 1 ta loyiha amalga oshirildi.

Ushbu chorvachilikni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish maqsadida chet davlatlardan 2 131 bosh naslli mollar olib kelish, qo‘y va echkilar 29 375 bosh, parrandalar 1 054,2 ming bosh va 2 500 bosh quyonchilikni tashkil etish rejalashtirilgan.

Surxondaryo viloyatining birgina Qumqo‘rg‘on tumani misolida olib qaraydigan bo‘lsak, tumanda nafaqat qoramollar, balki, parrandachilikni hadisini olgan tadbirkorlar ham mavjud. Xuddi shunday tadbirkorlardan biri Qumqo‘rg‘onlik tadbirkor Meliboy Boboyevdir. U kishi tumanning adirlik joyidan 2 gektar yer maydoni olib, unga parrandachilik kompleksi qurib, ishga tushirishi natijasida kompleksga 15 ming boshdan ziyod parranda parvarishlanmoqda, egaligidagi parrandalar kuniga 11 ming donadan ziyod tuxum mahsulotlari berishyapti.

Shuningdek, olingan mahsulotlarni nafaqat ichki bozorlarimizga, balki, qo‘shni Respublikalarga ham yetkazib berilmoqda. Pirovardida mavjud parrandachilik kompleksiga yangi ish o‘rinlari yaratilib, mamlakatimizni oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanmoqda.

 

O‘zagronspeksiyaning Surxondaryo viloyat boshqarmasi

Text to speech