Ру Ўз O`z En

Chorvachilikda naslchilik: Farg‘onada sohaga oid qonunchilik talablari bajarilishi nazoratda

4 Iyun 2021 2072

Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi sohasida bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar albatta har taraflama jiddiy yondashuvni talab etadi. Bunday murakkab yo‘nalishda talab darajasidagi natijalarga erishish uchun o‘z o‘rnida soha ustidan sifatli nazorat olib borilishi zarur.

Inspeksiyaning Beshariq tuman bo‘limi Chorvachilikda naslchilik ishlarini nazorat qilish inspektorlari nazorati va ko‘magi ostida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.   

Jumladan, Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi yig‘ilishining 2021 yil 9 martdagi 43 – sonli Bayoni bilan tasdiqlangan “Respublikada 2021 yilda qoramollar hamda qo‘y-echkilar bosh soni, go‘sht va sut ishlab chiqarishni ko‘paytirish, naslchilik ishlari hamda xizmat ko‘rsatishni yana-da rivojlantirish, zamonaviy bo‘rdoqichilik va sutchilik korxonalarini ishga tushirish, ozuqa bazasini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi”ning 1.2 – bandi ijrosi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi sohasida joriy yilda Beshariq tumanida 14 ta loyihalarni amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shundan, qoramolchilik yo‘nalishida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 4 ta loyihalarning 1 tasi “Saxovatli zamin” chorvachilik fermer xo‘jaligi tomonidan Avstriya davlatidan 31 bosh naslli “simmental” zotli qoramollar olib kelingan. “Hayot” MCHJ fermer xo‘jaligiga tuman hokimligi va Inspeksiyaning tuman bo‘limi ko‘magida yer maydoni ajratilgan bo‘lib, hozirda Ukraina davlati bilan shartnomalar tuzilgan, qoramollar olib kelinishi kutilmoqda.

Parrandachilik yo‘nalishidagi loyihalar soni 6 tani tashkil etib, hozirda “Turdiyev Xamzali Turdiyevich” fermer xo‘jaligi loyihasi 2021-yil 4-chorakda ishga tushirilishi rejalashtirilgan, bugungi kunda tashabbuskor tomonidan   550 mln. so‘m o‘z mablag‘i hisobidan bino qurilib, 4000 bosh parranda boqib kelinishi yo‘lga qo‘yildi. "Nabi agro imkon invest" MCHJ tomonidan kredit mablag‘i olish uchun bankka kerakli hujjatlar taqdim etilgan. Tashabbuskor tomonidan qurilish ishlari yakunlanib, 5 ming bosh jo‘jalar boqilmoqda. "Vodiy naslli parranda" fermer xo‘jaligi tomonidan 130 ming bosh parrandaga mo‘ljallangan Germaniya texnologiyasi asosida 2 ta binoning qurilish ishlari olib borilmoqda. Bino bitganidan so‘ng, 130 ming bosh naslli jo‘jalar olib kelinishi rejalashtirilmoqda.

Baliqchilik yo‘nalishidagi loyihalar soni 3 tani tashkil etib, "Sobirtepa Fish Gold" fermer xo‘jaligi o‘z mablag‘i hisobidan 3 gektar baliqchilik uchun ajratilgan maydonida rekonstruksiya ishlarini olib bormoqda. "Dilshodbek oq baliqlari" fermer xo‘jaligi ko‘llarini rekonstruksiya qilish ishlarini olib bormoqda, bank tomonidan krediti ajratilishida “O‘zagroinspeksiya” tomonidan amaliy yordam berilishi taʼminlangan.

Quyonchilik yo‘nalishida "Sherali Fotimaxon" oilaviy kompaniyasi tomonidan 800 million so‘mlik loyiha kiritilgan bo‘lib, hozirda 400 bosh quyonlar olib kelinib, loyiha ishga tushirilgan. Bundan tashqari tumanda chorvachilik fermer xo‘jaliklarida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlari ijrosi va unda belgilab qo‘yilgan vazifalarni o‘z vaqtida sifatli bajarilishi yuzasidan joriy yilning shu vaqtiga qadar 60 ta nazorat tartibida qonun buzilishi oldini olish bo‘yicha monitoring tartibidagi o‘rganishlar o‘tkazildi.

Shunga ko‘ra, tegishli tashkilotlarga 21 ta yozma tartibdagi ogohlantirish xatlari, 4 ta yozma tartibdagi ko‘rsatmalar va taqdimnoma kiritilgan.

Chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish ishlari o‘rnatilgan tartibda davom ettirilmoqda.

"O‘zagroinspeksiya" Farg‘ona viloyat boshqarmasi Beshariq tuman bo‘limi

Text to speech