Ру Ўз O`z En

Chorvachilikda naslchilik va amaliyot - davr talabi

10 Mart 2021 4697

Bugungi kunda yaylovlar kamayib, chorvachilik mahsulotlariga talab kuchayib borayotgan bir davrda sigir va qochirish yoshidagi tanalarni sun’iy urug‘lantirish orqali chorva mollari naslini yaxshilash - sohaga innovatsion texnologiyalarni jalb qilish sohada eng muhim ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Bu boradagi ishlarni rivojlantirish maqsadida ayni damda Sirdaryo viloyatida 100 dan ortiq veterinariya shahobchalari va “Chorva nasl” markazi tomonidan jalb qilingan mutaxassis-oseminatorlar tomonidan aholi va fermer xo‘jaliklaridagi sigir va qochirish yoshidagi tanalarni sun’iy urug‘lantirish bo‘yicha servis xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.

Naslchilik xo‘jaliklaridagi naslli mollarni mahsuldorlik ko‘rsatkichlarini oddiy fermer xo‘jaliklarida parvarishlanayotgan qoramollar bilan farqini statistik ma’lumotlar asosida ham taqqoslash mumkin bo‘ladi.

Viloyatda 2021 yilning 1 yanvar holatiga 497 ta chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari faoliyat yuritib, ularda 36,2 ming bosh qoramol, shundan 12,7 ming bosh sigirlar parvarish qilinmoqda.

Ushbu xo‘jaliklarda o‘tgan 2020 yil davomida 19,5 ming tonna sut ishlab chiqarilib, o‘rtacha bir bosh sigirdan 1530 kg.dan sut sog‘ib olindi xalos. Shu bilan birga, viloyatda 52 ta naslchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarda 8,6 ming bosh golshtin, qora-ola, simmental, qizil-cho‘l, shvis, bushuev zotli sigirlar parvarishlanib, o‘tgan yilda har bir nasldor sigirdan o‘rtacha 3110 kg.dan sut sog‘ib olinishiga erishildi. Har bir sigirdan laktatsiya davomida  (305 kun) o‘rtacha 5000 kg.dan ziyod sut sog‘ib olgan Mirzaobod tumanidagi “Pro milk” MChJ va Sirdaryo tumanidagi “Inter milk” MChJ kabi ilg‘or xo‘jaliklar ham mavjud.

Joriy yilda "O‘zagroinspeksiya"ning Sirdaryo viloyati boshqarmasi hamda tuman bo‘limlarining chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish inspektorlari tomonidan naslchilik maqomiga ega hamda chetdan naslli qoramol olib kelgan xo‘jaliklarda naslchilik resurslarini yaratish, saqlash, takror ko‘paytirish va ulardan oqilona foydalanish, nasldor chorva mollar podalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi, seleksiya jarayonida foydalaniladigan naslchilik resurslarini kelib chiqishi, mahsuldorligi, turi va boshqa sifatlari bo‘yicha baholanishining ishonchli ro‘yxatga olinishini ta’minlash, naslli mahsulotning baholanishi va nasl sifatini tasdiqlovchi birlamchi zootexnikaviy hujjatlarini to‘liq yuritilishi ustidan 7 ta tekshirish va 46 ta  monitoring tadbirlari o‘tkazilgan. 

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli korxona va fermer xo‘jaliklariga 4 ta yozma ko‘rsatma, 2 ta taqdimnoma va 57 ta ogohlantiruvlar berilib, 1 ta qonunbuzilish holati bo‘yicha tegishli chora ko‘rishlik uchun  hujjatlar tuman sudiga yuborildi.

Shuningdek, "O‘zagroinspeksiya" Sirdaryo viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limi xodimlari tomonidan sohada Qonun ustuvorligini ta’minlash, chorvachilik xo‘jaliklariga belgilangan tartibda ozuqa maydonlari ajratilishi va ulardan samarali foydalanish, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilik yo‘nalishlarida yangi loyihalarni amalga oshirilishi hamda chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan hududiy dasturlarining, naslchilik ishlarini isloh qilish bilan bog‘liq qismlarini ijrosi ustidan qattiq nazorat tadbirlari amalga oshirilib borilmoqda. 

 Donyor Tashmatov, "O‘zagroinspeksiya" Sirdaryo viloyat boshqarmasi Chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish bo‘limi bosh inspektori

 

Text to speech