Barchamizga maʼlumki, dunyo dehqonchiligida har yili yetishtiriladigan ekinlarning kasallik, zararkunanda hamda hasharotlar bilan zararlanishi kuzatiladi va ularga qarshi kurashish maqsadida ko‘plab mablag‘lar sarflanadi.
Bu kabi holatlarni oldini olish maqsadida, Namangan viloyatida ham o‘simlik zararkunandalari va hasharotlariga qarshi kurash tadbirlari olib borilmoqda.
Ushbu tadbirlarning maqbul muddat va meʼyorlarda, sifatli amalga oshirilishi “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan doimiy nazoratga olingan.
Maʼlumot o‘rnida aytish lozim, joriy yilda viloyatning Norin tumanida 5 ming 811 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanmoqda. Unib chiqqan nihollarni avvalgi yillarga nisbatan issiq kelayotgan ob-havo sharoitida zararkunandalardan asrash maqsadida kimyoviy va biologik usuldan faol foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Tuman bo‘yicha kimyoviy usulda kurashish uchun 28 ta OVX purkagichlari jalb etilgan va ularning belgilangan vaqtda ishlashi taʼminlanyapti.
Shu bilan birga tumandagi 6 ta biolaboratoriyalarda tayyorlangan oltinkuz, barkon, trixogrammalarni dalaga yetkzib berish va joylashtirishga ham eʼtibor qaratilgan.
Tumandagi fermer xo‘jaliklari tomonidan amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlar inspeksiyaning tuman bo‘limi tomonidan qatʼiy nazorat qilinmoqda. O‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va qonunbuzilishi holatlari yuzasidan belgilangan tartibda taʼsir choralari qo‘llanilishi va aniqlangan xato-kamchiliklarning bartaraf etilishi taʼminlanmoqda.
“O‘zagroinspeksiya” Namangan viloyati boshqarmasi