Ру Ўз O`z En

Dala aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rgazmali o‘quv-seminar o‘tkazildi

4 Avgust 2022 1667

Joriy yilda Namangan viloyatida jami 63 ming 604 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanayotgan bo‘lib, o‘tkazilgan tender tanlovlarida g‘olib chiqqan 236 nafar fermer xo‘jaligining 6 ming 88 gektar yerida urug‘lik paxta yetishtirilmoqda. Iqlim sharoitiga mos, serhosil “Andijon-35”,    “S-6524”, “S-8295”, “Namangan-34”, “Namangan-77”, “Buxoro-102” g‘o‘za navlarining yuqori avlodli urug‘liklarini olish rejalashtirilgan.

Kuni kecha erta tongda Toshkent, Sirdaryo, Andijon, Farg‘ona  va Namangan viloyatlaridan kelgan mutaxassislar ishtirokida «Namangan elita urug‘chilik» xo‘jaligi g‘o‘za maydonlarida «2022 yilda urug‘chilik uchun ekilgan maydonlarda g‘o‘za aprobatsiyasini o‘tkazish va 2023 yil hosili uchun sifatli urug‘lik zaxirasini yaratish» bo‘yicha ko‘rgazmali o‘quv-seminar o‘tkazildi.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri  I.Abdurahmonov, Qishloq xo‘jaligi vazirining 1-o‘rinbosari Sh.Teshayev, “O‘zagroinspeksiya” markaziy mahkamasi masʼullari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida tashkil etilgan paxtachilik kengashi tomonidan hududlarda mahalliy sharoitlarda yaxshi hosil berayotgan navlarni tahlil qilib, super elita va elita urug‘larini ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yangi navlarni yaratish, bu borada olimlar bilan ilmiy hamkorlikni yana-da kuchaytirish to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi. 

Seminarda dala sharoitida g‘o‘za navdorligini aniqlash bo‘yicha aprobatsiya o‘tkazish va hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi, g‘o‘za navlarini to‘g‘ri joylashtirish va sifatli urug‘lik jamg‘armasini yaratishda g‘o‘za aprobatsiyasining maqsad va vazifalari, urug‘lik paxta maydonlarida dala aprobatsiyasini normativ-huquqiy hujjatlar talablari asosida o‘tkazilishini nazorat qilib borish, sog‘lom urug‘lik fondini yaratishda o‘simliklarni himoya qilish sohasi olim va mutaxassislarining asosiy vazifalari, elita urug‘chilik xo‘jaliklariga yuqori navdorlikka ega bo‘lgan g‘o‘za navlarining original urug‘lik materiallarini yetkazib berilishida institut va nav mualliflarining olib borayotgan ishlari, yangi yaratilayotgan va istiqbolli g‘o‘za navlarini davlat nav sinash uchastkalariga topshirish va sinov o‘tkazish tartibi, urug‘lik maydonlarda aprobatsiya ko‘riklarini o‘tkazish, navga xos bo‘lmagan g‘o‘za tuplaridan tozalash, hosilini terib olish tartibi va yaroqsiz deb topilgan maydonlardan urug‘lik paxta terishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Shu bilan birga “O‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari, “Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish” DUK, “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi viloyat boshqarmasi” va qator sohaga aloqador tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan aprobatsiya guruhlari tomonidan eʼtibor berilishi lozim bo‘lgan jihatlar to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi.

 

"O‘zagroinspeksiya" Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirishni nazorat qilish boshqarmasi,

Ilhomjon Musayev, “O‘zagroinspeksiyaning Namangan viloyat boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha bosh inspektori

Text to speech