Yoshlar muammolarini oʼrganish, bandligini taʼminlash va oʼzi istagan sohalar boʼyicha kasbga yoʼnaltirish bugunning ustuvor masalalaridan biri hisoblanadi. Mana shunday dolzarb masalalarni hal etish borasida Jizzax viloyatida ham “mahallabay” va “fuqorobay” ishlash tizimi orqali amaliy tadbirlar olib borilmoqda. Yaʼni, birinchi navbatda yoshlarning tanlagan sohalari boʼyicha kasbga oʼqitish va shu orqali ishsiz yoshlarni ish bilan taʼminlash, tadbirkorlikka jalb qilish, yer ajratib berish orqali ularning real daromadlarini oshirish choralari koʼrilmoqda.
Bunda yoshlarni qishloq xoʼjaligi, melioratsiya va yoʼl qurilishi texnikalari boʼyicha oʼquv markazlarida oʼqitish va kurslarni tamomlagan haydovchilarga mazkur texnikalarni boshqarish huquqini beruvchi traktorchi-mashinist guvohnomalarini berish tadbirlariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ushbu ishlarning amaliy ifodasi sifatida viloyatning Doʼstlik tumanida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi Doʼstlik tumani boʼlimi tomonidan 44 nafar qishloq yoshlariga traktorchi-mashinist guvohnomalari berildi. Tuman prokurori 2-sektor hududiga qarashli “Oltin vodiy” QFYda tashkil etilgan tantanali tadbirda soʼz olib, yoshlarga qaratilgan bugungi eʼtibor va gʼamxoʼrlik haqida fikr-mulohazalarini bildirdi hamda guvohnomalarni olgan yoshlarning kelgusi kasbiy faoliyatlarida omadlar tiladi.
-Tadbirda ID plastik karta shaklidagi traktorchi-mashinst guvohnomalari berildi, deydi “Oʼzagroinspektsiya” ning Doʼstlik tuman boʼlimi katta inspektori B.Imamov.- Yangi turdagi traktorchi – mashinist guvohnomalar Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 apreldagi “Qishloq xoʼjaligi, melioratsiya va yoʼl-qurilish texnikalaridan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida” gi 325-son qaroriga asosan yoʼlga qoʼyilgan.
Maʼlumot oʼrnida, shu va huddi shunday texnik pasport va texnik guvohnomalarni Toshkent shahrida 2019 yil 1 dekabrdan, 2020 yil 1 martdan esa butun Respublika boʼyicha berish boshlangan. 2020 yil 31 dekabrga qadar eski hujjatlar egasining arizasiga koʼra, majburiy texnik koʼrikdan oʼtkazishda, oldi-sotdi, roʼyxatdan oʼtkazish va chiqarish davrida almashtirish belgilanib, joriy yil boshidan 2022 yil 31 dekabrga qadar esa almashtirish majburiy tartibda amalga oshiriladi.
Eski namunadagi guvohnomalar 2023 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.
“Oʼzagroinspektsiya” ning Jizzax viloyat boshqarmasi Аxborot xizmati