Sunʼiy suv obyektlarining suv olish joylarida yuritilayotgan suvning kundalik hisob jurnallari Hukumatning “Suvdan foydalanish va suv isteʼmolida suv resurslarining hisobi va hisobotini hamda monitoringini yuritish tartibini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” dagi 174-son qaroriga asosan “O‘zagroinspeksiya”ning hududiy boshqarmalari va tumanlar (Quvasoy shahar) bo‘limlarida ro‘yxatga olinadi.
Bunda, mavsum boshlanishidan oldin suvni yetkazib beruvchi suv xo‘jaligi tashkilotlari va suv oluvchilar (klaster, fermer, dehqon xo‘jaliklari va boshqalar) tomonidan o‘zaro suv olish joylarida yuritiladigan suvni kundalik hisob jurnallarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun “O‘zagroinspeksiya”ning tegishliligi bo‘yicha hududiy boshqarmasi va tuman bo‘limiga olib kelishi kerak bo‘lardi. Mazkur tartibda suvni kundalik hisob jurnallarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni uchala tomon uchun ham quyidagi noqulaylikni keltirib chiqarardi:
birinchidan, o‘z vaqtida olib kelinmagan hisob jurnallari sababli 2021 yilning yozgi sug‘orish mavsumida 35-40 foiz klaster korxonalari va fermer xo‘jaliklarining suv olish joylarida yuritiladigan suvni kundalik hisob jurnallari kechiktirilib ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
ikkinchidan, bir nafar inspektor tomonidan tumandagi mavjud suv olish joylaridagi suvni kundalik hisob jurnallari qo‘lda to‘ldirganligi va natijada ulgurilmayotganligi sababli ro‘yxatdan o‘tkazish ishlarining davomiyligi bir oygacha cho‘zilib ketgan;
uchinchidan, jurnallarni hisobini yuritishda qiyinchiliklar va chalkashliklar yuzaga kelgan.
Yuqoridagilarni hisobga olib, suvni kundalik hisob jurnallarini ro‘yxatdan o‘tkazishda qulaylik yaratish maqsadida,“O‘zagroinspeksiya”ning hududiy boshqarmalari va tumanlar bo‘limlarida «Raqamli O‘zbekiston - 2030» strategiyasi doirasida “O‘zagroinspeksiya”ning uzagroin.uz - yagona axborot tizimida “Suv moduli” elektron dasturi yaratildi.
Bunda, suvning kundalik hisobi jurnallarini “O‘zagroinspeksiya”ning hududiy boshqarmalari va tumanlar bo‘limlariga olib kelish talab etilmaydi.
Balkim, uzagroin.uz - yagona axborot tizimida “Suv moduli” elektron dasturiga masofadan maʼlumotlarni kiritish yo‘li bilan jurnallar ro‘yxatga olinadi.
“Suv moduli” elektron dasturiga suvning kundalik hisobi jurnallarini elektron ro‘yxatdan o‘tkazish ikki turga bo‘lingan bo‘lib, o‘zaro suv xo‘jaligi tashkilotlari hamda suv isteʼmolchilari o‘rtasida yuritiladigan jurnallarning alohida hisobini yuritish tashkil qilingan.
Ushbu dasturni ishga tushirish natijasida kuyidagilarga erishiladi:
maʼlumotlar dasturga kiritilishi bilan har bir suv olish joyida yuritiladigan suvning kundalik hisobi jurnaliga avtomatik ravishda raqam beriladi;
suvdan foydalanuvchi va suv isteʼmolchilaring suv olish joylarining elektron ro‘yxati shakllanadi;
suv olish joylaridagi suvni boshqarish vositalari mavjudligi aniq bo‘ladi;
suv olish joylari suv o‘lchash vositalari bilan jihozlanishi nazoratga olinadi;
suvdan foydalanish va suv isteʼmolida suv resurslarining hisobi va hisobotini yuritilishi nazoratga olinadi;
suvga doir munosabatlar shartnoma asosida tartibga solinishi nazoratga olinadi;
mavsum uchun ajratilgan suvlardan limit doirasida foydalanishi dastur yordamida tahlil qilish orqali Inspeksiya tomonidan tizimli nazorat o‘rnatilishiga erishiladi.
Yaratilgan dasturdan foydalanish ishlarini jadallashtirish maqsadida 2022 yil 19 may kuni suv nazoratiga masʼul bo‘lgan inspektorlarga “Suv moduli” elektron dasturidan foydalanish bo‘yicha “Zoom” platformasi orqali o‘quv seminari o‘tkazildi.
Bugungi kunda, Suv nazorati inspektorlari tomonidan suv xo‘jaligi tashkilotlari bilan birga “Suv moduli” elektron dasturiga 2022 yil sug‘orish mavsumi uchun tuzilgan shartnomalar asosida ajratilgan suv olish limitlari hamda suv olish joylari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni dasturga kiritish ishlarini jadallik bilan amalga oshirilmoqda.
"O‘zagroinspeksiya" Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish boshqarmasi