Ру Ўз O`z En

Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish yuzasidan seminar tashkil etildi

3 Noyabr 2023 1703

Bugungi kunda dunyo miqyosida energiya tejamkorligiga erishish, qayta tiklanuvchi, muqobil energiya manbalaridan foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shu jumladan mamlakatimizda ham bu masala eʼtibordan chetda qolgan emas, aksincha ushbu sohada qabul qilinayotgan bir qator Prezident qarorlari qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirishni kuchaytirmoqda.

Shu maqsadda kuni-kecha "O‘zagroinspeksiya"ning majlislar zalida Inspeksiya xodimlari ishtirokida qayta tiklanuvchi energiya manbalari va quyosh panellari afzalliklari yuzasidan seminar tashkil etildi.

Seminarda Energetika vazirligi mutasaddilari va quyosh panellarini o‘rnatuvchi korxona mutaxassislari  o‘z maʼruzalari bilan qatnashib, ishtirokchilarga Quyosh panellari afzalliklari bo‘yicha tayyorlangan videorolik va prezentatsiyalar namoyish etildi.

Tadbirda taʼkidlanishicha, yurtimizda o‘rtacha 300 kun quyoshli bo‘lishini hisobga olsak, mamlakat quyosh energiyasining salohiyati 50 milliard tonna neft ekvivalentidan ortiqdir. Bu quyosh energiyasini turlicha miqyosda va har xil maqsadlarda – elektr energiyasini ishlab chiqarish, issiq suv taʼminoti va isitish, meva va sabzavotlarni quritish va shu kabi ko‘plab maqsadlar uchun qo‘llash imkonini beradi.

Shu sabab qayta tiklanuvchi, muqobil energiya manbasi bo‘lmish quyosh panellarining afzalliklari, ularni o‘rnatgan aholiga beriladigan imtiyozlar xususida batafsil maʼlumotlar berildi.

Tadbir so‘nggida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga to‘liq javob oldilar.

"O‘zagroinspeksiya" Axborot xizmati

Text to speech