Yangiqo‘rg‘on o‘zining bahavo tabiati, hosildor bog‘lari bilan tilga tushgan. Tuman dehqonlari yer bilan tillashadigan, o‘ziga xos iqlim sharoitida ekinlardan yuqori hosil olishni yaxshi biladigan insonlar. Shu bois ham kelgusi yil hosili uchun hozirdanoq puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Tumanda 2022 - yil hosili uchun 2150 gektar ochiq maydonga g‘alla ekish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda g‘alla ekish ishlari yakunlangan. Shuningdek g‘alla ekilgan maydonlar bir marta to‘liq sug‘orilgan bo‘lib, 1560 gektar maydonda g‘alla unib chiqqan, 1137 gektar maydonda esa g‘alla nihollari 1-2 barg holatida rivojlanmoqda.
–2021 - yil hosili uchun urug‘lik donni saralash, fermer xo‘jaliklariga yetkazib berish, mineral o‘g‘itlar bilan birga ekilishi hamda unib chiqqan bug‘doylarni agrotexnika talabalari asosida parvarishlanishi “O‘zagroinspeksiya” mutaxassislarining doimiy nazoratida, - deydi “O‘zagroinspeksiya” Yangiqo‘rg‘on tuman bo‘limi katta inspektori Bekzod Yo‘ldoshev. – Ushbu jarayonlarda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tuman bo‘yicha 109 nafar fermer xo‘jaliklariga ogohlantirish xatlari hamda tuman hokimligiga 2 ta taqdimnoma, tuman qishloq xo‘jalik bo‘limiga 1 ta taqdimnoma va 2 ta yozma ko‘rsatmalar kiritilishi taʼminlandi.
Don – rizq-ro‘zimiz. Donimizning mo‘l bo‘lishi esa dasturxonlarimiz to‘kinligi, yurtimiz farovonligidan darak. Buni to‘g‘ri anglagan g‘allakorlarimiz hozirdanoq mavjud g‘alla maydonlarini oziqlantirish, bu boradagi agrotexnik tadbirlarni kechiktirmay olib borishga katta eʼtibor qaratishgan.
“O‘zagroinspeksiya”ning Namangan viloyat boshqarmasi Axborot xizmati