O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17-apreldagi 325-sonli qarori bilan traktorchi-mashinist tayyorlovchi o‘quv muassasalarini nazorat qilish va talabgorlardan traktorchi-mashinist guvohnomasi olish uchun imtihon olish hamda traktorchi-mashinist guvohnomasini berish Nizomi tasdiqlanib, mazkur vazifa Inspeksiya organlariga yuklatilgan.
Farg‘ona viloyatida traktorchi-mashinist kasbiga o‘qitish va faoliyat yuritayotgan o‘quv muassasalarida Agroisnpeksiyaning viloyat boshqarmasi Texnika holati va agrotexnik tadbirlarni nazorat qilish bo‘limi inspektorlari bir qator ishlarni amalga oshirmoqdalar.
Shuni aytib o‘tish joizki, hozirgi kunda viloyat bo‘ylab traktorchi-mashinistlarni tayyorlash bo‘yicha tumanlarda jami 22 ta o‘quv muassasalari mavjud.
Kasb-hunar maktablarida 3-sinf traktorchi-mashinist tayyorlash uchun yuqori turuvchi idoralar tomonidan tasdiqlangan 360 soatlik o‘quv dasturi asosida o‘qishlar tashkil etilib, o‘quv kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan va o‘zlashtirgan, imtihondan o‘tgan tinglovchilarga inspektorlar tomonidan traktorchi-mashinist guvohnomalari rasmiylashtirib berilmoqda. Viloyatdagi “O‘quv kurs kombinati” va viloyat “Vatanparvar” tashkilotlarida birinchi va ikkinchi sinflar uchun 86 soatli malaka oshirish kurslari tashkil etilib, bitiruvchilar traktorchi-mashinist guvohnomasi bilan taʼminlanib kelinmoqda.
Shu bilan birga, Inspeksiyaning Farg‘ona viloyat boshqarmasi tizimida joriy yilning 11 oyi davomida jami 1408 ta, shundan 775 ta 3-sinf, 269 ta 2-sinf, 364 ta 1-sinf traktorchi-mashinist guvohnomasi berilgan bo‘lsa, 852 dona eski namunadagi traktorchi-mashinist guvohnomalarini yangi namunadagi guvohnomalarga almashtirib berilishi taʼminlandi.
Bundan tashqari, Prezidentning 3 fevral 2021 yildagi “2021-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakat strategiyasining “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi” to‘g‘risida”gi PF-6155-sonli Farmoni ijrosi yuzasidan Farg‘ona viloyat “Vatanparvar” tashkiloti va kasb-hunar maktablarida yana qo‘shimcha 6 ta traktorchi-mashinist kasbiga o‘qitish bo‘yicha qisqa muddatli kurslar tashkil etilmoqda. Inspeksiya tomonidan mazkur kurslarni faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan sohaga taalluqli bo‘lgan meʼyoriy hujjatlar bilan taʼminlash va boshqa masalalar bo‘yicha ham amaliy yordam berib kelinmoqda.
Bugungi kunda viloyat bo‘yicha faoliyat yuritayotgan o‘quv muassasalarida jami 2089 nafar talabgorlar traktorchi-mashinist kasbiga o‘qitilmoqda.
Boshqarmaning barcha tuman bo‘limlarida fuqarolarga tegishli bo‘lgan qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini boshqarish huquqini beruvchi traktorchi-mashinist guvohnomalarini ID karta shakldagi plastik shaklda rasmiylashtirib berish bo‘yicha barcha shart-sharoitlar yaratilgan, barcha inspektorlar zarur bo‘lgan texnika anjomlari bilan to‘liq taʼminlangan.
“O‘zagroinspeksiya” ning viloyat boshqarmasi hamda tumanlar bo‘limlari inspektorlari tomonidan ushbu yo‘nalishda tadbirlarining o‘tkazilishi tizimli davom ettirilmoqda.
Agroinspeksiya Farg‘ona viloyat boshqarmasi Axborot xizmati