Farg‘ona viloyatida Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 apreldagi “Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalaridan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 325-sonli qarori doirasida texnika holati va agrotexnik tadbirlarni nazorat qilish bo‘limi tomonidan muayyan ishlar amalga oshirildi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, 2021 yilning 11 oyida viloyat bo‘yicha jami 3904 ta har xil turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari, shundan 2752 ta traktorlar, o‘ziyurar texnikalar, tirkamalar va 1152 ta qishloq xo‘jaligi agregatlari ro‘yxatga olingan. Shundan 1715 donasi vaqtinchalik, qolgan 1387 donasi yangi xarid qilingan texnikalarga to‘g‘ri keladi.
Shu davr ichida jami 2869 dona davlat raqam belgilari berilishi, 9647 dona texnik pasportlar (shundan 1268 ta vaqtinchalik), 2334 ta texnik guvohnomalar (471 ta vaqtinchalik) va 1408 dona traktorchi-mashinist guvohnomalarining berilishi hamda 23 ming 652 dona texnika vositalari majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi taʼminlandi.
Hozirda Inspeksiyaning barcha tuman bo‘limlaridagi tegishli inspektorlar texnik hujjatlarni plastik shaklda berish jihozlari bilan taʼminlangan bo‘lib, plastik shaklda texnik hujjatlarni yakuniga yetkazish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, tahlil qilinayotgan davr mobaynida 376 ta texnikalar ro‘yxatdan chiqarilgan. Qolaversa, texnika egalariga texnikalar to‘g‘risida 664 ta TM1 maʼlumotnomalari berildi va 95 ta har xil turdagi texnikalar taʼqiqqa olingan.
Buning natijasida, yuridik va jismoniy shaxslarga ko‘rsatilgan davlat xizmatlaridan 11 oyida jami 3 mlrd. 608 mln. so‘m, shundan Davlat byudjetiga 721 mln. 600 ming so‘m pul mablag‘lari tushirilishi taʼminlangan.
Inspeksiyaning viloyat tumanlari bo‘limlari inspektorlari tomonidan mavjud traktorlar, traktor tirkamalari, melioratsiya va yo‘l qurilish texnikasi, o‘ziyurar mashinalar hamda qishloq xo‘jaligi texnikalari soni bo‘yicha shu kungacha 26 410 tasining elektron bazasi shakllantirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi MJtK sining 112, 125, 135 va 139-moddalari bilan viloyat bo‘yicha jami 545 ta holatda maʼmuriy jarimalar qo‘llanildi, shundan 537 tasi belgilangan tartibda undirib olindi.
Joriy yildan boshlab viloyatda qonun ustuvorligini taʼminlash, huquqbuzarlik holatlarini barvaqt aniqlash, qishloq xo‘jaligi texnikalari ishtirokida sodir etilishi mumkin bo‘lgan turli xildagi ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida Inspeksiya markaziy apparati va boshqarma boshlig‘ining tashabbusi bilan ichki ishlar organlarining yo‘l harakati xavfsizligi (YHXB) inspektorlari bilan hamkorlikda viloyatda hamda barcha tumanlarda haftaning payshanba kunlari “qo‘shma reyd” o‘tkaziladigan kun sifatida tartib joriy etilgan bo‘lib, shu kuni Inspeksiya tizimida ishlayotgan texnika nazorati bo‘yicha inspektorlarimiz joylardagi IIB YHXB inspektorlari bilan birgalikda hududlarda samarali ishlarni amalga oshirmoqda va bu jarayon yuzasidan alohida nazorat o‘rnatilgan.
“O‘zagroinspeksiya” ning viloyat boshqarmasi hamda tumanlar bo‘limlari inspektorlari tomonidan bu yo‘nalishdagi nazorat tadbirlarining o‘tkazilishi tizimli ravishda davom ettiriladi.
Agroinspeksiyaning Farg‘ona viloyat boshqarmasi Axborot xizmati