“Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-144-sonli qarorda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Inspeksiyaning Farg‘ona viloyati boshqarmasi hamda tumanlar (Quvasoy shahar) bo‘limlari tomonidan nazoratga olinib, doimiy monitoring ishlari o‘tkazib kelinmoqda.
Mazkur qarorga ko‘ra, subsidiya mablag‘lari joriy qilingan suvni tejaydigan sug‘orish tizimlari kamida besh yil ishlatilishi sharti bilan ajratilishi, 2021 yilda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilganligi uchun Davlat byudjetidan subsidiya mablag‘larini olgan, biroq joriy etilgan suvni tejaydigan sug‘orish tizimlarini sug‘orish mavsumiga qadar ishga tushirmagan taqdirda olingan subsidiya mablag‘larini belgilangan tartibda Davlat byudjetiga qaytarilishi belgilangan.
O‘tkazilgan o‘rganishlarga ko‘ra, 2021 yilda Farg‘ona viloyatda jami 452 ta talabgorlarning 9 737 gektar maydoniga suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinib, joriy qilingan maydonlarga Davlat byudjetidan 81,8 mlrd so‘m miqdorida subsidiya mablag‘lari ajratilgan.
Shundan, Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan 9 196 gektar paxta, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan 216 gektar g‘alla va Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish Agentligi tomonidan 325 gektar bog‘-tok maydonlarida joriy qilingan suv tejovchi texnologiyalar uchun subsidiyalar ajratib berilgan.
Nazorat tadbirlari davomida Subsidiya mablag‘lari ajratilganligiga qaramasdan viloyat bo‘yicha 83 ta talabgorlar tomonidan shu kunga qadar suvni tejaydigan texnologiyalarni ishga tushirmaganlik holatlari aniqlanib rasman ogohlantirishlar berildi, 27 nafar talabgorlar tomonidan jami 511 gektar maydonlarda shu kunga qadar suvni tejaydigan texnologiyalarni ishga tushirmaganlik holatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlariga yuborildi, 1 nafar talabgordan 153,6 mln so‘m subsidiya to‘liq qaytarilishi taʼminlangan.
Misol uchun, Beshariq tumanida 6 nafar talabgorlarga 74,3 gektar maydonga suvni tejaydigan texnologiya joriy qilish uchun davlat byudjetidan 704,8 mln so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan bo‘lib, joriy yil sug‘orish mavsumiga shay holatga keltirilmaganligi aniqlanib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor etish tartibida tekshirishlar o‘tkazilib, to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqish uchun tuman prokuraturasiga yuborilgan.
Shu kabi holat, Yozyovon tumanida 6 nafar, Toshloq va Qo‘shtepa tumanlarida 4 nafardan, hamda Uchko‘prik tumanida 6 nafar talabgorlar tomonidan suv tejaydigan texnologiyalarni 2022 yil sug‘orish mavsumiga shay holatga keltirilmaganligi yuzasidan tuman hokimliklariga taqdimnoma hamda tuman prokuraturalariga davlat byudjetidan ajratilgan subsidiya mablag‘larini belgilangan tartibda qaytarilishi yuzasidan axborotnomalar kiritilishi taʼminlandi.
Bundan tashqari, 2021 yilda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan talabgorlar ushbu texnologiyalardan muntazam foydalanishi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatilib, profilaktika tadbirlarida 5 yil davomida uzluksiz foydalanishi shartligi, aks holda olingan subsidiyalar Davlat byudjetiga qaytarilishi to‘g‘risida ogohlantirishlar berilmoqda.
"O‘zagroinspeksiya"ning Farg‘ona viloyat boshqarmasi Matbuot xizmati