Ру Ўз O`z En

G‘alla mavsumi uchun 4 mln. tonnadan ortiq don saqlash sig‘imiga ega korxonalar ro‘yxati shakllantirildi

20 May 2022 1391

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘zagroinspeksiya” axborot xizmati rahbari Xolida Shodiyeva maʼlum qildi.

Inspeksiya tomonidan joriy yilning yanvar-aprel oylarida jami 40 mindan ziyod profilaktik tadbirlar o‘tkazilgan bo‘lib, sohada qishloq xo‘jaligi xodimlariga qonunbuzilishlarni oldini olish, bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borilgan.  

Jumladan, Don va don mahsulotlarini yetishtirish, qabul qilish, saqlash va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlarida qonunbuzilish holatlarini sodir etilishini erta oldini olish va bartaraf etish maqsadida joriy yilning o‘tgan davrida Respublika hududida faoliyat yuritib kelayotgan 43 ta “O‘zdonmahsulot” AK tizim korxonalari va 200 dan ortiq xususiy don korxonalarining 360 nafar (muxandis-texnolog, laboratoriya boshlig‘i hamda buxgalteriya xodimlari) moddiy javobgar shaxslari bilan seminarlar o‘tkazildi.

Profilaktika tadbirlari jarayonida aniq ko‘rsatmalar va amaliy choralar ko‘rib borilishi natijasida tadbirkorlik subyektlarida qabul qilish, saqlash, qayta ishlash, realizatsiya qilish don xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglament talablariga rioya qilish bo‘yicha 172 ta  sodir etilishi mumkin bo‘lgan qonunbuzilishi holatlari oldi olindi hamda korxonalar tomonidan davlat standartlari talablari asosida un mahsulotlari ishlab chiqarilishi, xalqimiz dasturxoniga sifatli non va non mahsulotlari yetkazib berilishi taʼminlanmoqda.

Shuningdek, “G‘alla yetishtirish va sotishda erkin raqobatni taʼminlaydigan bozor tamoyillarini joriy etish to‘g‘risida”gi Prezident qarori ijrosi bo‘yicha respublika hududlardagi bug‘doyni saqlashga mos- yopiq sig‘imlarga ega don qabul qiluvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlari belgilangan talablar asosida o‘rganildi.

O‘rganish natijasiga ko‘ra, 4 mln. tonnadan ortiq don saqlash sig‘imiga ega korxonalar ro‘yxati shakllantirildi.

Bundan tashqari, tegishli tashkilot va idoralarga sohada huquqbuzarliklarni oldini olish yuzasidan 28 mingdan ziyod ogohlantiruvlar va 1 793 ta taqdimnomalar kiritildi.

847 ta holatda materiallar qonuniy qaror qabul qilish uchun sudlarga va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

Shuningdek, “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligini yana-da rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga asosan, hududlarda klaster korxonalari tomonidan yuqori sifatli urug‘liklarni tozalash-saralash, tuksizlantirish va dorilash ishlarining borishi g‘o‘za navlari kesimida tahlil qilib borildi.

“Urug‘chilik to‘g‘risida”gi Qonun bilan Inspeksiyaga berilgan vakolatlar doirasida 2022 yil hosili uchun 56 ming 38 tonna urug‘lik chigitga muvofiqlik sertifikati berilishi taʼminlandi. Shuningdek, 1 ming 933 tonna urug‘lik chigitlar tahlillar davomida ekishga yaroqsizligi aniqlanib, buning natijasida nomuvofiq deb topilgan urug‘lik chigit to‘dalarining tarqatilishini hamda qariyb 38,6 ming gektar maydonga yetkaziladigan iqtisodiy zararning oldi olinishiga erishildi.

Shu bilan birga, 2022 yil hosilidan sifatli urug‘lik don yetishtirilishini taʼminlash maqsadida respublika bo‘yicha 126 ta tumanda 3 208 ta tanlovlardan o‘tgan fermer xo‘jaliklari, klasterlar, ilmiy tadqiqot institutlari va Urug‘chilikni rivojlantirish markaziga qarashli elita urug‘chilik xo‘jaliklarining jami 90 ming gektar maydonlarida boshoqli don ekinlarining 53 ta navidan 280 ming tonna sifatli sara urug‘lik don tayyorlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, chetga eksport qilingan jami 4 ming 339 tonna, shundan 4 ming tonna bug‘doy, 339 tonna unlardan namunalar olinib, tahlil qilindi va 171 ta sertifikatlar rasmiylashtirildi.

Bundan tashqari, mamlakatimizga import qilingan 321 ming 633 tonna, shundan 313 ming 43 tonna bug‘doy, 5 ming 353 tonna un va 3 ming 232 tonna boshqa turdagi don mahsulotlaridan namunalar olinib, tahlil qilindi va 844 ta sertifikatlar rasmiylashtirildi.

Shuningdek, joriy yilning yanvar-aprel oylarida joylarda 16 ming 162 dona qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l qurilishi texnikalari davlat ro‘yxatiga olinib, traktor va boshqa o‘ziyurar texnikalarga 11 ming 741 dona davlat raqam belgisi, 25 ming 469 dona texnik pasport, qishloq xo‘jaligi mashina va agregatlariga 6 ming 978 dona texnik guvohnoma berilgan hamda 78 ming 953 dona texnikalar majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan.

O‘tgan hisobot davrda Inspeksiya markaziy apparati, hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlariga jami 456 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, murojaatlarning 360 tasi ko‘rib chiqishga erishilgan. 178 tasi qanoatlantirilgan, 181 tasiga tushuntirish berilgan. Shuning barobarida 17 mingdan nafardan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari qabul qilingan.

 

Text to speech